Oʻzbekkosmos agentligining Fransiya bilan hamkorligi yanada mustahkamlanadi

    Xalqaro hamkorlik 7 Fevral 2022 2628

    Joriy yil 4-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda Fransiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Unda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

    Xususan, mamlakatimizda kosmik faoliyat sohasini yanada rivojlantirish maqsadida Fransiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Samimiy muloqot shaklida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekkosmos agentligi Bosh direktori Shuhrat Kadirov Fransiya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez xonimga Kosmik tadqiqotlar milliy markazi (CNES) hamda “Airbus Defence and Space” bilan hamkorlikning bugungi holati yuzasidan maʼlumot berdi.

    Jumladan, “Airbus Defence and Space” va Oʻzbekkosmos agentligi tomonidan pilot loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilayotganligi haqida xabar berdi.

    Oʻz navbatida, Oreliya Bushez xonim Fransiyaning Thales, Eutelsat kabi yetakchi kompaniyalari ham Oʻzbekkosmos agentligi bilan ishlashga qiziqish bildirayotgani haqida maʼlum qildi, deb xabar beradi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi matbuot xizmati.