“Oʻzbekkosmos” dala yongʻinlarini kuzatish imkonini beruvchi portalni ishga tushirdi

    Raqamlashtirish 1 Iyul 2025 4376

    Yoz fasli boshlanishi, yaʼni kunlar isishi bilan dalalarda turli yongʻinlar sodir boʻladi. Ayniqsa, bugʻdoy boshoqlari yigʻib-terib olingach, ayrim fermerlar yoki aholi ularning poyasini hech ikkilanmay yoqib yuboradi.

    Afsuski, dalalardagi yongʻin havoni ifloslantiradi. Yongʻin paytida koʻp miqdordagi uglerod oksidlari, tutun va zaharli gazlar atmosferaga chiqadi. Bu nafaqat havoni, balki odamlar salomatligini ham xavf ostiga qoʻyadi.

    Yongʻinlar choʻllashuvni tezlashtiradi, oʻsimlik va hayvonlar hayot muhitini yoʻq qiladi. Qushlar, kichik sut emizuvchilar va hasharotlar jabr koʻradi.

    Ayniqsa, yongʻindan keyin yerning yuqori qatlami kuyib ketadi, unumdorlik pasayadi. Eroziya kuchayadi, sugʻorish va qayta tiklash qiyinlashadi. Eng achinarlisi, katta maydonlardagi yongʻinlar global isishni kuchaytiradi.

    Dala yongʻinlarining tabiiy muhitga katta zarar yetkazishini koʻpchilik biladi, ammo bu haqda qayerga va kimga murojaat qilishni bilmaydi. Shu bois, “Oʻzbekkosmos” dala yongʻinlarini kuzatish imkonini beruvchi portalni ishga tushirdi.

    Endilikda fuqarolar respublikaning qaysi hududida dala yongʻinlari sodir boʻlayotgani, uning manzili va hajmi boʻyicha https://dalayongini.cmspace.uz (https://dalayongini.cmspace.uz/) ochiq portali orqali toʻliq maʼlumot olishi mumkin.

    Qolaversa, “Oʻzbekkosmos” shu kabi salbiy holatlar boʻyicha xabardorlikni oshirish maqsadida maxsus _@UzCosmos_Yongin_botni ham ishga tushirdi.

    U orqali dala yongʻinlariga guvoh boʻlganlar real vaqt rejimida suratlar va manzillarni agentlikka yuborishlari mumkin.

    Xulosa qilib aytganda dala yongʻinlari tabiat uchun yashirin tahdid hisoblanadi. Shu bois, tabiatga boʻlgan xavfni kamaytirish uchun oʻz vaqtida profilaktik choralar koʻrish va jamoaviy masʼuliyat hissini oshirish zarur.