“Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari Moskvada xalqaro Energetika forumida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Dekabr 2021 632

    Moskva shahrida “Innovatsiyalar. Infratuzilma. Xavfsizlik” mavzusida XIII xalqaro Energetika forumi oʻtkazildi.

    Unda Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Tahlil markazining taklifiga binoan “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari ham ishtirok etdi.

    2009-yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan forumda Rossiya, MDH davlatlari va xorijdagi yoqilgʻi-energetika kompleksi korxonalari rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, ekspert va sarmoyaviy hamjamiyatlar vakillari, ilmiy doiralar, federal va mintaqaviy hokimiyat organlari, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etadi.

    Tadbirni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad biznes va hukumat oʻrtasidagi ochiq muloqot tashkil etish, qolaversa, yoqilgʻi-energetika sanoatini rivojlantirish boʻyicha rejalarni belgilab olish, uzoq muddatli hamkorlik munosabatlarini yoʻlga qoʻyishdan iborat.

    Bu galgi forumda asosan global energiya almashinuvini barqaror rivojlantirish, iqtisodiyot va aholini arzon energiya resurslari bilan taʼminlash, jahon energetika xavfsizligini mustahkamlash va yoqilgʻi-energetika majmuasining atrof-muhitga antropogen taʼsirini kamaytirish boʻyicha jahon hamjamiyatining oldida turgan global vazifalarni hal etish kabi vazifalar yuzasidan qizgʻin bahslar olib borildi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ delegatsiyasi “Global energiyaga oʻtish, barqaror rivojlanish”, “Neft-gaz kompleksining texnologik salohiyatini rivojlantirish”, “Neft kimyosi milliy iqtisodiyotning lokomotivi”, “Yoqilgʻi-energetikani raqamli transformatsiya va intellektuallashtirish” mavzularidagi sessiyalarda ishtirok etdi.

    Shuningdek, forumda “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislar tomonidan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Shoʻrtan gaz kimyo majmuasini kengaytirish loyihalarini rivojlantirish istiqbollariga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazildi.

    Forum doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJ delegatsiyasi va rossiyalik rahbar va mutaxassislar oʻrtasida oʻtkazilgan davra suhbatlari ham samarali natijalarga boy boʻldi.

    Xususan, G.V.Plexanova nomidagi Rossiya Iqtisodiyot Universiteti qoshidagi raqamli iqtisodiyot Kompetensiya markazi direktori, “INTER RAO SERVIS” MCHJ bosh direktori Sergey Bezdelov Aleksandrovich bilan Rossiya korxonalari tajribasiga asoslangan holda “Oʻzbekneftgaz” AJ Kompetensiya markazi faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha muzokaralar olib borildi.

    Bundan tashqari Rossiya neft va gaz ishlab chiqaruvchilar uyushmasi prezidenti Shmal Gennadiy Iosifovich bilan Oʻzbekiston Respublikasining neft va gaz sohasini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan Neft va gaz sanoati Oʻzbekiston ilmiy-muhandislik jamiyati va Rossiya neft va gaz ishlab chiqaruvchilar ittifoqi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari ham koʻrib chiqildi.

    Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi qoshidagi Yoqilgʻi-energetika kompleksi markaziy dispetcherlik boshqarmasi mutaxassislari bilan Oʻzbekiston va Rossiya yoqilgʻi-energetika kompleksida tahliliy maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.