“Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tasarrufdagi tashkilotlarda “Kuchaytirilgan ish rejim” tashkil qilindi

    Sanoat 1 Yanvar 2022 1430

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yil 30-dekabr kuni oʻtkazilgan selektor yigʻilishida berilgan topshiriqlarning ijrosini taʼminlash uchun “Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tasarrufdagi tashkilotlarda “Kuchaytirilgan ish rejimi” tashkil etildi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirigʻiga asosan, Yangi yil bayrami munosabati bilan berilgan dam olish kunlari ishlab chiqarish va qayta ishlash ishlari uzluksiz tashkil etildi.

    Qish mavsumida hamda bayram kunlari aholi, sanoat va xalq xoʻjaligi isʼtemolchilarini tabiiy gaz, suyultirilgan gaz, benzin va dizel yonilgʻilari bilan taʼminlashda uzulishlarni oldini olish, barcha qazib chiqarish, qayta ishlash, ishlab chiqarish korxonalarining bir maromda ishlashini navbatchilar toʻliq monitoring qilib borishadi.

    Shu bois, “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufdagi barcha korxona va tashkilotlarda ishlab-chiqarish jarayonlarining bir maromda ishlashini taʼminlash hamda uzulishlarni oldini olish maqsadida 2022-yilning 1-15-yanvar kunlari “Kuchaytirilgan ish rejimi” tashkil qilinishi belgilandi.

    Ayni ushbu kunlarda Jamiyat tasarrufdagi barcha korxona va tashkilot rahbarlari masʼulligida 2022-yilning 1-15-yanvar kunlari kechayu-kunduz navbatchilik tashkil etiladi.

    Barcha korxonalarning birinchi rahbarlari “Kuchaytirilgan ish rejimi” doirasida shaxsan ish joyida boʻlib, ishlab chiqarish jarayonlarini uzluksizligini taʼminlaydi.

    Bundan tashqari, korxonalar rahbarlari obyektlarni qoʻriqlash masalalariga eʼtibor berib, rahbar, muhandis-texnik va ishchi xodimlar tomonidan xavfsizlik texnikasi, mehnat muhofazasi, yongʻin va harakat xavfsizligi talablariga qatʼiy amal qilinishi taʼminlanishi shart.

    Boshqaruv raisi tomonidan korxona va tashkilotlarining barcha obyektlari, qurilma, kon va sexlarida shu kunlari faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning ish joylariga borib-kelishlari, ovqatlanish va boshqa zaruriy tadbirlarni eʼtiborga olgan holda qulay ish sharoitlarini yaratish yuzasidan qoʻshimcha choralar belgilab berildi.

    Oʻz navbatida aholi talablarini inobatga olgan holda, “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ va “Neft bazalari” MCHJlari tomonidan aholi, sanoat va halq xoʻjaligi isteʼmolchilaring sifatli benzin, dizel yonilgʻisi, neft mahsulotlari bilan taʼminlashda uzilish va tanqisliklarga yoʻl qoʻymaslik choralari koʻriladi.

    “UNG-Petro” MCHJ, “Chinobod neft bazasi” va “Kuchlik neft bazasi” rahbarlarining shaxsan nazorati ostida isteʼmolchilarni benzin va dizel yonilgʻisi bilan kechayu-kunduz taʼminlash, narxlarning sunʼiy ravishda oʻsishini oldini olish choralarini koʻrgan holda AYOQSHlarda tungi “reyd”lar tashkil etiladi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati