“Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirigʻiga koʻra, mazkur tadbirda tizim korxonalari alohida stend bilan ishtirok etmoqda. Mazkur stendda tizim korxonalarida ishlab chiqarilayotgan va eksportga taklif etilayotgan 50 dan ziyod mahsulot namunalari keltirilgan boʻlib, mahsulotlar toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar ingliz va dari (afgʻon) tillarida chop etilgan.
Tadbirning birinchi kunida mehmonlarga “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulot turlari, mahalliylashtirilgan yangi mahsulot turlari haqida maʼlumot berildi.
Biznes-forumda “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Afgʻoniston Respublikasining “Aziya UzAf Treyding” kompaniyasi bilan suyultirilgan gaz yetkazib berish, “Ebrahim Faqirzada Trade Company LTD” kompaniyasi bilan oltingugurt yetkazib berish boʻyicha amaliy kelishuvlarga erishildi. “Gold Water” kompaniyasi bilan polietilen quvurlar va tomchilatib sugʻorish tizimlarini eksport qilishni tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Biznes-forumga tashrif buyurgan Afgʻoniston Respublikasi ishbilarmonlari tomonidan tizim tasarrufidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga katta qiziqish bildirildi. Shu bilan birgalikda “Sadit Mustafo”, “Gold Water”, “Rosikh”, “Faxriyon”, “Gavhar” va “Yazd Tak” kompaniyalari bilan Afgʻonistonga polimer xomashyosi va undan olinadigan mahsulotlarni yetkazib berish istiqbollari muhokama qilindi.
Hududlar va tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi kunlariga koʻra umumiy qiymati 4 mlrd soʻmga teng 37 ta shartnomalar imzolandi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.