“Oʻzbektelekom” AK: “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirish yoʻlidagi faoliyat

    Bugun zamonaviy axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish, aholining ushbu yoʻnalishdagi xizmatlardan foydalanishida yanada qulaylik yaratish soha oldida dolzarb vazifaga aylangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida»gi PF-158-son Farmonida ham bu borada bir qator chora-tadbirlar belgilab berilgan. Shundan kelib chiqqan holda oʻtgan davr mobaynida “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ham ayni shu maqsadlarga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

    Eʼtiborlisi, faoliyatlar davomida xalqaro hamkorlik aloqalarini ham mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yil boshida kompaniya delegatsiyasi Ispaniyaning Barselona shahrida boʻlib oʻtgan “MWC Barcelona-2024” Jahon mobil kongressida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Shuningdek, aprel oyida “UZTELECOM” tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk bor “International Wholesale Telecom Congress – IWTC” forumi oʻtkazildi. Ushbu nufuzli tadbirda “UZTELECOM” asosiy hamkor sifatida faol qatnashdi va tadbir doirasida qator istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

    Bundan tashqari, Kompaniya masʼullari Ozarboyjon poytaxti Bokuda boʻlib oʻtgan ASMH elektr aloqa va axborot-kommunikatsiya operatorlari kengashining 46-yigʻilishida, shu bilan birga, soha doirasidagi ikkita yetakchi tadbir – “Huawei ME & CA Tech Carnival & Partner Summit 2024 va M360 Eurasia”da asosiy ishtirokchi sifatida, ilgʻor 5G texnologiyalarini joriy etish va 6G ga oʻtish istiqbollari, bulutli yechimlar hamda sunʼiy intellekt davriga kirish mavzularidagi muhokamalarda faol qatnashdi. Shuningdek, UZTELECOM delegatsiyasi vakillari Belarus Aloqa va axborotlashtirish vazirligi hamda “Beltelekom” kompaniyasi tashkil etgan nufuzli “TIBO” AKT xalqaro forumining ham asosiy qatnashchilaridan biri boʻldi.

    Kompaniya xalqaro tadbirlardagi ishtiroki natijasida bir qator hamkorlik kelishuvlariga erishib kelyapti. Amalga oshirilgan ishlar va faoliyatga joriy qilingan yangiliklar samarasi esa xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Jumladan, “MWC Barcelona-2024” doirasida “UZTELECOM” 2023-yilning 3-4-choragi boʻyicha “Ookla®” kompaniyasining “Eng tezkor mobil tarmoq” va “Eng yaxshi mobil geyming tajribasi” nominatsiyasi bilan munosib taqdirlandi. Bundan tashqari, Berlin shahrida boʻlib oʻtgan GCCMning “Global Awards” tanlovida “UZTELECOM” bir vaqtning oʻzida uchta nominatsiya boʻyicha short-listga kirdi va “5G loyihasini ishga tushirish” uchun nufuzli mukofotni qoʻlga kiritdi.

    Birgina 2023-yil davomida 6000 dan ortiq tayanch stansiyalar muvaffaqiyatli oʻrnatilib, modernizatsiya qilindi. Natijada aloqa sifati sezilarli darajada oshirilib, abonentlar uchun yangi qulayliklar yaratildi. Bu oʻz oʻrnida amaldagi faoliyatlar samarasidir.

    Ayni paytda kompaniya tomonidan xalqaro aloqalar doirasida erishilgan kelishuvlar asosida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida sohaga oid belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.

    «Oʻzbektelekom» AK Axborot xizmati