“Oʻzbektelekom” kasaba uyushmasi xodimida koronavirus aniqlandi

    Salomatlik 28 Iyun 2020 1365

    Toshkent shahrida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari soʻnggi kunlarda sezilarli darajada oshdi, shuningdek, boshqa hududlarga qaraganda ham yuqori boʻlib turibdi.

    Avval xabar qilganimizdek, 26-iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 250 nafar bemordan 25 nafari aholi orasida aniqlangan boʻlsa, 27-iyun kuni esa 255 nafar bemordan 54 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 39 nafari Toshkent shahrida aniqlandi.

    Ikki kunlik maʼlumotga koʻra, ham umumiy kasallanish koʻrsatkichi biroz oshgan boʻlsa, aholi orasida koronavirusga chalinish holati esa keskin oʻsganligini koʻrish mumkin.

    Jumladan, “Oʻzbektelekom” kasaba uyushmasi xodimi J.X.da, Yunusobod tumanida yashovchi N.Ya.da (Shifoxonaga yotish maqsadida namuna topshirgan) va yana ushbu tumanda yashovchi 2 nafar fuqaro (Yunusobod dehqon bozoridan bir necha bor xarid qilgan), Olmazor tumanida yashovchi B.I.da (tana harorati koʻtarilib, namuna topshirgan), Shayxontohur tumanida yashovchi B.A.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan), Uchtepa tumanida yashovchi N.A.da koronavirus qayd etilgan.

    Shuningdek, “Oʻrikzor” savdo majmuasining oziq-ovqat doʻkoni sotuvchi F.X.da, Shayxontohur tumanidagi Sut mahsulotlari ishlab chiqarish sexi ishchisi F.R.da, Yunusobod tuman FXDYO boʻlimi masʼul xodimi S.S.da, 1-son Respublika klinik shifoxonasida davolanayotgan bemor O.A.da, “Ipoteka” bank Shayxontohur filiali kassiri M.X.da, “Asaka bank” bosh ofisi xodimi A. D.da , Sergeli tumanidagi “Inter injenering” qurilish kompaniyasi xodimi T.K.da ham kasallik aniqlangan.

    Vaziyat tobora jiddiylashayotganini hisobga olib, Sogʻliqni saqlash vazirligi aholi orasida koronavirusga chalinish xavfi yuqoriligi bois poytaxtimiz aholisi va mehmonlaridan karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishlarini soʻrab qoladi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.