Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlar eʼtirof etiladi

    Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, ushbu Qonunning maqsadi oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

    Qonun bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga boʻlgan huquqni, shuningdek yakka tartibdagi uy-joy qurilgan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini eʼtirof etishning aniq tartiblari belgilanyapti.

    Oʻz navbatida, senatorlar Qonunning mazmun-mohiyatiga ham alohida toʻxtalib, huquqlarni eʼtirof etish borasida tegishli asoslar belgilanayotganligini aytib oʻtdi.

    Jumladan, ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida joylashgan turar joylar egallagan yer uchastkasiga, kichik sanoat zonalari hududidagi yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish asoslari belgilanyapti.

    Bundan tashqari, Qonunga oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli maʼlumotlar va hujjatlar avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali bosqichlarda kiritilishi nazarda tutilyapti.

    Muhokama davomida senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining oʻzboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqini hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilishiga va bu orqali aholining ijtimoiy, iqtisodiy hamda ushbu bino va inshootlarni kommunal tarmoqlarga ulash boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarining hal etilishiga imkon berishi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.