“Oʻzcharmsanoat” 2021-yilda tayyor mahsulotlar eksportini 420 million dollarga yetkazmoqchi

    Sanoat 4 Avgust 2021 1478

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan “2016-2020-yillarda charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻining rivojlanish bosqichi” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida yoʻnalishda erishilgan yutuqlar hamda galdagi vazifalar haqida maʼlumot berildi.

    Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida 2016-yilda atiga 15,7 million dollarlik investitsiya jalb etilgan, bu koʻrsatkich 2020-yilda koronavirus pandemiyasi boʻlishiga qaramay, 187,6 million dollarga yetdi.

    Soʻnggi yillar mobaynida tayyor charm-poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, moʻyna va qorakoʻl terisi, mahalliy korxonalar xomashyosi asosida jundan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada koʻpaydi. Milliy charm-poyabzal va moʻynachilik mahsulotlarimizning sifati va turi ortdi. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra soha korxonalari tomonidan 3 trillion 647 milliard coʻmlik maxsulotlar ishlab chiqarildi va 2016-yil bilan taqqoslanganda oʻsish surati 8 marotabadan oshgan.

    Oʻzbekistonda xomashyo yetarli. Faqat avvallari uni qayta ishlash orqada qolgandi. Mana shu kamchilikni toʻldirish maqsadida soʻnggi yillarda tizim korxonalari Italiya, Germaniya, Turkiya, Xitoy kabi sanoati rivojlangan davlatlarning yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng yaxshi dastgohlar bilan jihozlandi. Mahalliy tadbirkorlik subyektlarini xom ashyoni chuqur qayta ishlash jarayoniga jalb etishga ham alohida eʼtibor qaratildi.

    — Bugungi kunda oldimizda mahalliylashtirishni taʼminlash, ichki va tarmoqlararo kooperatsiyani jadal rivojlantirish, mahsulot sifatini koʻtarishdek bir qator ustuvor vazifalar turibdi, deydi, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisining oʻrinbosari Akbar Sultanov. — Buni raqamlarda ham koʻrish mumkin. Agar 2016-yilda xorijiy davlatlarga sotilgan tayyor charmning faqat bir foizi ikkinchi va uchinchi marta qayta ishlangan charm, qolgani yarimtayyor mahsulot boʻlgan boʻlsa 2021-yil yakuniga kelib, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlarning eksportini 420 million dollarga yetkazishni moʻljallaganmiz.

    Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan yorligʻi ostidagi charm-poyabzal va moʻynali mahsulotlar dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlari bozorida oʻz xaridorini topib ulgurgan. Uyushma tarkibidagi korxonalar bilan birgalikda har yili xorijiy davlatlarda oʻtkaziladigan “Aymod”, “Aysaf”, “China International Export & Import”, “APLF Leather & Materials”, “MICAM Milano International Footwear Exhibition”, “Linipelli”, “Pure London”, “India International Leather Fair”, “Mosshoes”, “Shoes Star-Asia”, “Biot”, “Myagkoye zoloto” va boshqa bir qator Xalqaro charm-poyabzal va moʻynachilik sohalariga moʻljallangan koʻrgazmalarda munosib ishtirok etib kelmoqda.

    Sohada amalga oshirilayotgan ishlar aholini arzon, sifatli, zamonaviy va chiroyli poyabzal hamda charm-attorlik buyumlari bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

    Feruza JOʻRAYEVA,

    “Yangi oʻzbekiston” muxbiri