“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi taʼlim sohasida Turkiya bilan hamkorlik qiladi

    Ta'lim 10 Iyun 2022 1332

    Joriy yil 9- 10-iyun kunlari Turkiyaning Izmir shahrida Oʻzbekiston va Turkiya texnika yoʻnalishidagi Oliy taʼlim muassasalari forumi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibi texnik va injinerlik sohasida kadrlar tayyorlaydigan Oliy taʼlim muassasalari vakillaridan tashkil topdi.

    Mazkur forumda oliy taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, texnik va injinerlik yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash tizimini unumli tashkil etish, xususan, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish boʻyicha amaliy tajriba almashish maqsad qilingan.

    “Oʻzcharmsanonat” uyushmasi mamlakatimiz charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻi uchun malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash borasida Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Shuningdek, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan talabalar almashinuviga qaratilgan oʻquv dasturi doirasida Belarus, Qozogʻiston, Rossiya, Italiya OTMlari bilan hamkorlikni davom ettiryapti, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanonat” uyushmasi matbuot xizmati.

    Turkiyaning EGE universiteti bilan olib borgan samarali muzokaralar hamda taʼlim sohasida doimiy aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha saʼy-harakatlar natijasida endilikda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti professor-oʻqituvchilari va talabalari akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etadigan boʻldi.