“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Akbar Sultonov boshchiligidagi uyushmaga aʼzo korxonalardan iborat delegatsiya ham Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi tarkibida mazkur forumda ishtirok etdi.
Toʻrtta sessiyadan iborat mazkur anjumanda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, hamkorlikda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, eksport hajmlarini kengaytirish yuzasidan muloqotlar boʻlib oʻtdi.
Xususan, sanoat va geologiya sohasida qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish mavzusidagi sessiya ishida uyushma raisi vazifasini bajaruvchi Akbar Sultonov Turkiya kampaniyalariga mamlakatimiz charm sanoati haqida taqdimot oʻtkazdi. Oʻzbekiston charm-poyabzal sohasida xorijiy investorlarga berilayotgan imkoniyatlar, soliq, bojxona imtiyozlari, ixtisoslashtirilgan sanoat zonalari, tayyor investitsiya loyihalari haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, ikki mamlakatning aynan charm sanoat yoʻnalishida amalga oshirilgan dasturlari, qoʻshma loyihalari toʻgʻrisida axborot berildi. Charm sanoat sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi. Bundan tashqari forum doirasida Turkiyada “Made in Uzbekistan” koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.