"O'zeltexsanoat" binosiga quyosh fotoelektr stantsiyasi o'rnatildi

    Insoniyat hayoti uchun muhim bo'lgan suv, gaz, elektr energiyasi kabi kerakli manbalarni tejash va undan oqilona foydalanish asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

    Mamlakatimizda bu boradagi chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan yog'ilg'i-energetika resurslariga bo'lgan talab va ehtiyojni uzluksiz ta'minlash, quyosh va shamol singari qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o'rnatish, ularni samarali qo'llash orqali aholining kundalik ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar dasturi bugun o'z natijasini bera boshladi.

    “O'zeltexsanoat” uyushmasi binosida o'rnatilgan quyosh fotoelektrik tizimi elektr energiyasidan yanada samarali foydalanish va xarajatlarni sezilarli tejashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Nominal 20 kVt quvvatga ega bo'lgan quyosh fotoelektrik tizimi uyushma binosidagi elektr taqsimlash tizimiga ulangan bo'lib, nafaqat o'z ehtiyoji uchun qo'shimcha yashil energiya manbai sifatida, balki hududimizda o'rnatilgan elektrmobillar uchun quvvatlash uskunasiga ham ulangan. SHunday qilib “YAshil energiya”ni ishlab chiqarishdan uning iste'moligacha bo'lgan yagona tizim yaratildi. Bu ishlardan maqsad “yashil” texnologiyalarni joriy etish samaradorligi va ulardan manfaatli foydalanish maqsadida respublikamizda yaratilgan imkoniyatlarni keng namoyish etishdan iboratdir.

    —Bu yo'lni o'zimiz bosib o'tib, O'zbekiston sharoitida qo'shimcha energiya olish imkoniyatlarini, Prezidentimizning bu borada qo'ygan talablari nechog'liq muhim ekanligini tarmoq korxonalari bilan birgalikda o'z tajribamizda sinab ko'rib, xalqimizga shunday imkoniyatlar borligini ko'rsatib berishdan xursandmiz, – deydi “O'zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod YUnusov.

    "O'zeltexsanoat" uyushmasi

    axborot xizmati.