Mintaqadagi vaziyat bilan yaqindan tanishib, kelajakdagi rejalar boʻyicha fikr almashishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berishicha, mazkur onlayn konferensiyada OʻFA prezidenti Abdusalom Azizov va OʻFA vitse-prezidenti Ravshan Ermatovlar ishtirok etishdi.

Qolaversa, Janni Infantino tomonidan bu boradagi ishlarni amalga oshirishda FIFA tajribasi tanishtirildi. Shundan soʻng OFK prezidenti Shayx Salmon esa Osiyoda hukm surayotgan vaziyat boʻyicha hisobot berdi.

OʻFA prezidenti Abdusalom Azizov xalqaro onlayn konferensiyada futbol rivoji boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida nutq soʻzladi.

“Oʻzbekiston chempionatini qayta tiklash joriy yilning 14-avgustidan rejalashtirilgan va liganing 1-bosqich oʻyinlari markazlashtirilgan formatda oʻtkaziladi.

Shuningdek, OʻFA pandemiya paytida terma jamoalar uchun karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etmoqda.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi 19 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo chempionatiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.

Ushbu tadbir Oʻzbekistonda birinchi marta uchta shaharda, 2020-yilning 14-31-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Bu pandemiya davrida dunyodagi birinchi markazlashtirilgan xalqaro futbol musobaqasi boʻladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati terma jamoalar uchun birinchi Futbol markazini qurish uchun 12 gektar maydon ajratdi. Ushbu loyiha FIFA va OFK vakillari bilan muhokama qilinganidek, Oʻzbekistonning erkaklar va ayollar terma jamoalari xalqaro musobaqalarga munosib tayyorgarlik koʻrishi uchun katta imkoniyat yaratadi.

Ushbu markaz 160 oʻrinli mehmonxona kompleksi, 7 ta standart futbol maydoni, reabilitatsiya va ilmiy-uslubiy markaz va boshqa zarur sharoitlarni oʻz ichiga oladi.”, dedi OʻFA rahbari

Nutq soʻnggida OʻFA rahbari FIFA va OFK prezidentlarini Oʻzbekistonda oʻtadigan U-19 Osiyo chempionatiga taklif etdi va ularning tashrifi butun mamlakat futbol jamoatchiligi hamda futbol ishqibozlarini xursand etishini alohida taʼkidladi.

Shuningdek konferensiyada Eron, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston hamda Afgʻoniston futbol assotsiatsiyalari rahbarlari oʻtgan davr mobaynida bajarilgan ishlar boʻyicha maʼlumot berishdi.