Maʼlumki, PSR diagnostika tahlilini amalga oshirish uchun dastlab COVID-19 koronavirus RNK sini ajratib olish talab etiladi. Joriy yil 15-mart kuni ilk bor Oʻzbekiston hududida virus aniqlangandan soʻng, OʻzFA Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti xodimlari ham COVID-19 RNKsini ajratishga moʻljallangan diagnostik toʻplam ishlab chiqish ustida tadqiqotlarini boshladi va qisqa vaqt oraligʻida ushbu toʻplamlar ishlab chiqildi.
Ushbu diagnostik toʻplamning klinik sinovlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi laboratoriyalarida, shu jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining maxsus laboratoriyasida oʻtkazildi va ijobiy natijalarni koʻrsatdi.
SARS-CoV2 RNK sini ajratishga moʻljallab ishlab chiqilgan ushbu toʻplam dunyoda ishlab chiqariladigan analoglari bilan taqqoslanganda sezgirligi, oʻziga xosligi, ayniqsa, kam vaqt talab qilishi (1 soat), qulayligi va arzonligi (kamida 30% ga arzonroq) kabi ustunliklarga ega.
Ushbu toʻplam Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazi” DUK tashkilotida “ENKOR” nomi bilan roʻyxatdan oʻtkazildi va seriyali ishlab chiqarish uchun ruxsat berildi.
Bundan tashqari, ushbu toʻplam yordamida gepatit V, gepatit C, odam immun tanqisligi virusi (VICH) RNK/DNKsini ajratish mumkin.
Ishlab chiqilgan diagnostik toʻplamlar mamlakatimizga xorijdan keltiriladigan narxdagi toʻplamlarning oʻrnini bosishga imkoniyat yaratadi. Institut yuqorida keltirilgan toʻplamlarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan talab boʻlsa, kerakli miqdorda ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.