Farg'onada o'zganing nomiga onlayn kredit rasmiylashtirgan firibgar ushlandi

    Surxondaryo viloyatida yashovchi 51 yoshli fuqaro oʻzining nomiga nomaʼlum sabablarga koʻra onlayn kredit rasmiylashtirilganligi haqida IIOga murojaat qilgan.

    Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida, mazkur jinoyatni Fargʻona viloyatida yashovchi 36 yoshli R.E. sodir etganligi aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, gumonlanuvchi R.E., jabrlanuvchi B.K.ga qoʻngʻiroq qilgan va oʻzini “Bank operatori“ sifatida tanishtirib, “SMS“ xabarnoma (soxta havola) yuborish orqali shaxsiy maʼlumotlarini qoʻlga kiritib, uning nomidan mobil ilova orqali roʻyxatdan oʻtib, onlayn tarzda 8.000.000 soʻm onlayn kredit rasmiylashtirib, oʻsha vaqtning oʻzida mazkur pullarni oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank plastik kartasiga oʻtkazib olgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan R.E.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “a,b,g“ bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.