“Oʻzgidromet“ aholini sel-suv toshqinlaridan ogohlantirdi

    “Oʻzgidromet“ agentligining xabar berishicha, shu yilning 5-8-noyabr kunlari Oʻzbekiston hududiga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi va joylarda sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin.

    Qayd etilishicha,

    havo harorati asta-sekin pasayadi va 7-8-noyabrda kechalari 0-5 daraja iliqni, baʼzi joylarda 3 daraja sovuq, kunduz kunlari 5-10 daraja iliqni tashkil etadi.

    Respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligi 13-18 m/s gacha, shimolda va choʻl hududlarda 20-23 m/s gacha kuchayishi mumkin.

    5-6-noyabr kunlari respublika boʻyicha vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, togʻlarda qorga aylanadi, baʼzi joylarda kuchli boʻladi.

    Oʻzbekistonning togʻ oldi va togʻli hududlarida 5-7-noyabr kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Respublika hududi boʻyicha yomgʻir suvlari toʻplanishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.

    Togʻ oldi va togʻli hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni, hamda togʻli hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini koʻrishlarini soʻraymiz — deyiladi xabarda.