O‘zgidromet xabariga ko‘ra, bugun respublika hududining katta qismida, jumladan Toshkent shahrida ham g‘ubor va tuman kuzatilishi kutilmoqda.

Mazkur meteorologik sharoitlar shamolning sustligi, havo namligining yuqoriligi hamda tungi haroratning pasayishi ta’sirida shakllanadi.

Bunday holatlarda atmosferaning yerga yaqin qatlamida harorat inversiyasi yuzaga kelishi mumkin. Natijada havoning vertikal aralashuvi susayadi va ifloslantiruvchi moddalar, jumladan chang hamda mayda dispersli zarrachalar (PM2.5 va PM10) to‘planishiga sharoit yaratiladi. Bu esa ularning havodagi konsentratsiyasi vaqtincha oshishiga olib kelishi mumkin.

Havo sifati shamol kuchayishi yoki yog‘ingarchilik kuzatilishi natijasida yaxshilanishi kutilmoqda. Chunki bunday sharoitlar atmosferaning tozalanishiga xizmat qiladi.