Oʻzgidromet havoni qanday oʻlchaydi?

    Dolzarb 8 Iyun 2023 4234

    Hozir yozning eng qizgʻin davri, aholi orasida esa yana sinoptiklar haqiqiy harorat qiymatlarini “yashirishmoqda” degan har hil mish-mishlar yuribdi.

    Baʼzilar maishiy texnika uskunalarida 60 daraja va undan yuqori qiymatlarni koʻrsatishini misol qilib koʻrsatmoqda.

    Oʻzgidromet taʼkidlashicha, koʻpincha, bu asboblarning qabul qismi toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlaridan yoki atrofdagi jismlarning issiqlik nurlanishidan himoyalanmagan. Bunday holda, termometr havo haroratini emas, balki termometr qabul qiluvchi qismining isish haroratni oʻlchaydi.

    Quyosh nurlari ostida boʻlgan inson, havo haroratini emas, balki tanasini toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlari va atrofdagi jismlardan chiqayotgan issiqlik nurlanishi bilan isishi haroratini sezadi.

    Daraxtlar soyasida va baland binoning beton devori soyasida turgan inson haroratni boshqacha his etadi, chunki devorning issiqlik nurlanishi ostida boʻlishi harorat his etish darajasini oshiradi.

    Avtomobil ichida boʻlgan inson avtomobil korpusi quyosh nurlari va qizigan asfaltdan issiqlik nurlanishini his etadi. Shuning uchun avtomobildagi oʻlchash asboblari 60 daraja va undan yuqori haroratni koʻrsatishi mumkin.

    Issiqlik nurlanish omillarining taʼsirini istisno qilish, va butun dunyoda amalga oshirilgan meteorologik oʻlchovlarni bir biriga taqqoslash jarayonini osonlashtirish maqsadida, kuzatuvlar, Jahon meteorologiya tashkiloti qoidalariga muvofiq, bir xil metodologiya va bir xil standart sharoitlarda amalga oshiriladi.

    Xususan, harorat oʻlchovlari yer sathidan 2 metr balandlikda oʻrnatilgan maxsus shamollatiladigan ob-havo butkasida amalga oshiriladi. Oʻlchov asboblari vaqti-vaqti bilan tekshiriladi, ularning koʻrsatkichlari standart asboblarning koʻrsatkichlari bilan taqqoslanadi.

    Aytgancha, joriy yilda Oʻzgidromet stansiyalarida oʻrnatilgan avtomatik stansiyalarning koʻrsatkichlari “qoʻlda” olib borilgan kuzatuvlar maʼlumotlarini tasdiqlaydi.

    Sayyoramizdagi eng yuqori havo harorati (57-58°S) AQSH ning Kaliforniya shtatidagi Oʻlim vodiysida va Liviya choʻlida kuzatilgan.

    Oʻzbekistonda meteorologik kuzatishlarning barcha yillari uchun eng yuqori harorat (48-49°S) Qizilqum choʻlida (1983-yil iyul oyida) va Termiz shahri hududida (1941-yil iyun-iyul oylarida) qayd etilgan.

    Toshkentda absolyut harorat maksimumi 44,6°C ni tashkil yetadi. Ushbu harorat 1997-yil 18-iyul kuni qayd etilgan.