O'zini rag'batlantirgan hokimning qarori nega bekor qilindi?

    Qashqadaryo viloyat hokimi qarori bilan Qarshi shahar hokimining 2023 yil 25 avgustdagi qarori bekor qilindi.

    Unga O'zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurash agentligining taqdimnomasi asos bo'lgan.

    Ma'lum bo'lishicha, shu yil 25 avgustda Qarshi shahar hokimi Normo'min Xolboev "Qarshi shahar hokimligining xarajatlariga mablag' ajratish to'g'risida" qaror qabul qilgan edi.

    Unda, "Qarshi shahar hokimligining 2023 yildagi zaxira jamg'armasi mablag'lari hisobidan shahar hokimligiga faoliyat samaradorligi ko'rsatkichiga ko'ra viloyat miqyosida "eng tashabbuskor sektor" deb e'tirof etilgan Qarshi shahar 1-sektor rahbarini rag'batlantirish xarajatlariga 75 million so'm mablag' ajratilsin" deyilgan.

    Qarshi shahar 1-sektor rahbari aynan Normo'min Xolboevning o'zi bo'lgani uchun ham "E-qaror" elektron tizimiga joylashtirilgan mazkur qaror ijtimoiy tarmoqlar va bir qator internet-nashrlarda keng muhokama qilinib, ko'plab turli mazmundagi xabarlar tarqala boshladi.

    Qarshi shahar hokimligi axborot xizmati esa bu holatga 1-sektor rahbarini rag'batlantirish xarajatlari uchun mablag' "O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi 536-sonli qarori va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish Agentligining 2023 yil 16 fevraldagi aloqa xati ijrosini ta'minlash maqsadida, shuningdek, viloyat hokimligining 2023 yil 24 avgustdagi viloyatda "eng tashabbuskor sektor" deb e'tirof etilgan Qarshi shahar 1-sektor rahbarini mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan rag'batlantirish to'g'risidagi ko'rsatma xatiga asosan", deya munosabat bildirdi.

    O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi "Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 536-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 14-bandiga asosan baholash natijalari bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida "eng tashabbuskor sektor" nominatsiyasida g'olib bo'lgan sektorlar (ya'ni, sektorlar rahbarlari emas, aynan sektorlar) 1-o'rin uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (bugungi kunda - 66 million so'm) miqdorida pul mablag'i bilan rag'batlantiriladi. Nizomning 15-bandida esa "eng namunali sektor" va "eng tashabbuskor sektor" deb topilgan hududiy sektorlarning faoliyat samaradorligiga ta'sir etuvchi tashkilotlar xodimlari (sektor a'zolari) faqat o'zlari mas'ul bo'lgan ko'rsatkichlardan kelib chiqib taqdirlanadi" deyilgan.

    Viloyat hokimining joriy yil 19 sentyabrdagi qarori bilan O'zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurash agentligining 2023 yil 15 sentyabrdagi korruptsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko'rish to'g'risidagi taqdimnomasiga asosan Qarshi shahar hokimining 2023 yil 25 avgustdagi qarori bekor qilindi.