Tergov davomida aniqlanishicha, 1986-yilda tugʻilgan Shakirov Xayrulla Ubaydullayevich aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan Instagram, Telegram hamda YouTube ijtimoiy tarmoqlaridagi “Xayrullo Shokirov” nomli sahifalar orqali oʻzini yirik distribyutor va tadbirkor sifatida koʻrsatib kelgan.

U chet eldan katta miqdorda anor sharbati va salqin ichimliklar olib kirib, ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi savdo nuqtalariga yetkazib berish vakolatiga ega ekanligi haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatgan. Shu yoʻl bilan fuqarolarga distribyutorlik faoliyati orqali yuqori daromad va katta foizlar vaʼda qilib, ularning ishonchiga kirgan hamda juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazgan.

Mazkur jinoyat ishi doirasida X.Shakirov gumonlanuvchi sifatida jinoyat ishiga jalb etilgan boʻlib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.

Bu shaxsning jinoiy xatti-harakatlaridan jabr koʻrgan yoki mazkur holatlar boʻyicha biror maʼlumotga ega boʻlganlar, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasiga murojaat qilishi soʻraldi.

“Sizning murojaatingiz jinoyatni toʻliq fosh etish va adolatni taʼminlashga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.