Oʻzining yubiley yoshini qarshi olayotgan media soha vakillari har jihatdan ragʻbatlantirilmoqda

    Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi masʼul xodimi, xalqaro jurnalist, diplomat Sadriddin Suyarov 60 yoshga toʻldi.

    Shu munosabati bilan Hindistonning Mumbay shahrida boʻlib turgan oʻzbekistonlik media soha yetakchilari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda “Yangi Oʻzbekiston” va Pravda Vostoka» gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov va Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori professor Sherzodxon Qudratxoʻja va boshqalar S.Suyarov oʻz bilim va salohiyatini ezgu va xolis soʻz aytishga, milliy jurnalistikamiz rivojiga munosib hissa qoʻshayotgani, insonlar qalbiga ezgulik tuygʻularini singdirishdek olijanob ishga baxsh etib kelayotganini qayd etdi.

    Sadriddin Suyarov uzoq yillar Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” (hozirgi “Dunyo”) axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va boshqa yuqori idoralarda masʼul va rahbar lavozimlarda samarali faoliyat olib bordi. Ayni kunda xalqaro jurnalist va diplomat sifatida oʻz faoliyatini Hindistondagi elchixonamizda davom ettirmoqda.

    Tadbir yakunida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Boshqaruvi aʼzosi S. Suyarovga uyushma sovgʻa-salomlari topshirildi.

    Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida oʻzining yubiley yoshini qarshi olayotgan media soha vakillarini har jihatdan ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.