Oziq-ovqat allergiyasi asosan bolalar va emizikli goʻdaklar orasida kuzatiladi

    Yeryongʻoq koʻp hollarda anafilaktik reaksiyani keltirib chiqaradi.

    Dunyoda tobora keng tarqalayotgan patologiyalar biri — Oziq-ovqat allergiyasi sanaladi. Mutaxassislar fikriga koʻra, bunday holat asosan bolalar, ayniqsa, emizikli goʻdaklar orasida koʻp kuzatiladi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, bolalarda bu turdagi kasallik rivojlanishiga koʻp hollarda onaning homiladorlik yoki emizikli davrida notoʻgʻri ovqatlanishi sabab boʻladi.

    Agarda goʻdak sunʼiy aralashmalar bilan oziqlantirilsa, chala tugʻilsa yoki oshqozon-ichak, oʻt, jigar xastaliklaridan aziyat cheksa ham, oziq-ovqat allergiyasi yuzaga kelishi mumkin.

    Quyida qanday oziq-ovqatlar kuchli allergiyaga sabab boʻlishi haqida maʼlumot berib oʻtamiz.

    Tarkibida koʻplab allergenlar mavjud boʻlgan mahsulot bu sigir suti boʻlib, 5-6 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlarda allergiya kuzatilishiga sabab boʻladi. Shuningdek, tovuq tuxumi ham keng tarqalgan allergenlar sirasiga kiradi. Baliq ham kuchli allergen sanalib, uning goʻshtida turli oqsil guruhlari mavjud.

    Maʼlumotlarga koʻra, bugʻdoy va soya ham baʼzida allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Goʻsht mahsulotlari orasida esa parranda va ot goʻshti boshqalariga nisbatan koʻproq allergen xususiyatga ega.

    Yeryongʻoq kattalarda allergiya rivojlanishiga sabab boʻluvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan birinchisi va bu mahsulot koʻp hollarda anafilaktik reaksiyani keltirib chiqaradi. Shuningdek, turli xil yongʻoqlar, kunjut, asal, shaftoli, uzum, malina, sabzi, shokolad, kofe va kakao allergiya chiqaruvchi mahsulotlar roʻyxatidan joy olgan. Yongʻoqqa allergiyasi boʻlganlarning aksariyati esa ushbu meva daraxti changiga ham taʼsirchan boʻladi.

    Internet materiallari asosida tayyorlandi