Farmonga koʻra, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan 220 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar 2024-yil 1-martgacha tijorat banklariga yoʻnaltiriladi. Bunda tijorat banklari tomonidan yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan bank marjasi 4 foiz) milliy valyutada quyidagi imtiyozli kreditlar ajratiladi:
oziq-ovqat yoʻnalishidagi, sohada mahsulot yetishtirishdan tortib, uni isteʼmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun – 10-yil muddatga 3-yillik imtiyozli davr bilan;
aylanma mablagʻlar uchun – 18 oy muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan.
2024-yil 1-martdan Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi resurslari hisobidan oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchi korxonalarga eksportoldi va eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun 2-yil muddatgacha ular tomonidan oxirgi 12 oy davomida eksport hajmi:
- 100 ming AQSH dollaridan 1 million AQSH dollarigacha boʻlganda –100 ming AQSH dollarigacha;- 1 million AQSH dollaridan 2 million AQSH dollarigacha boʻlganda –1 million AQSH dollarigacha;- 2 million AQSH dollaridan 4 million AQSH dollarigacha boʻlganda –2 million AQSH dollarigacha;- 4 million AQSH dollaridan ortiq boʻlganda – 3 million AQSH dollarigacha moliyaviy resurslar ajratiladi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlovchi sanoat korxonalari va eksport qiluvchilar tomonidan xorijiy davlatlarda savdo uyi va doʻkonlarini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 50 ming AQSH dollarigacha mablagʻni xorijiy hisob raqamlarga oʻtkazishga ruxsat beriladi.