Anglaganingizdek, mahsulot sotuvining samarali yo'lga qo'yilishida sifat va xavfsizlik ko'rsatkichlarining ahamiyati katta. Ayniqsa, eksportyorlar uchun bu juda muhim masalalardan biri. Bu borada ularga XTNTN tizimi yordamga keladi.

XTNTN tizimi inglizcha HASSP - Hazard Analysis and Critical Control Points so'zlaridan olingan bo'lib, “xatarlarni tahlil qilish va muhim nazorat nuqtalari”, degan ma'noni anglatadi. Bu AQSH milliy aerokosmik agentligi (NASA)ga asoslangan Pilsburi kompaniyasi tomonidan qat'iy ishonch ostida ishlab chiqilgan havfsizlik tizimi bo'lib, ilk bor amerikalik kosmonavtlar uchun oziq-ovqat havfsizligini ta'minlash  maqsadida qo'llanilgan. 1980 yilga kelib esa AQSH Fanlar akademiyasi oziq-ovqat sanoatida sifat menejmenti tizimlarini rivojlantirish uchun ishlatishni taklif qilgan paytda ishlab chiqilgan.

Xavfsizlik tizimi nima?

XTNTN maxsus dastur bo'lib, har bir korxonaga induvidual o'rnatiladi. Unga ishlab chiqarish ob'ektidagi xodimlar, jihozlar va mahsulotlar haqidagi ma'lumotlar joylanadi. Aytish kerakki, bu tizimdan foydalanish ixtiyoriy. Korxonalar ISO 22000 xalqaro (oziq-ovqat mahsulotlari havfsizlik  tizimi) standartini joriy qilib, sertifikatlashtirishi yoki mazkur tizimini yaratib, Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi  tomonidan ushbu dastur o'rnatilgani to'g'risida xulosa olishi mumkin. Har yili bu ma'lumotlar yangilanib, yangidan sertifikat olinishi lozim. Mazkur tizimning vazifasi, mahsulot ishlab chiqarish va iste'molchiga etkazib berishning barcha jarayonlarida xatarli nazorat nuqtalariga e'tibor  qaratish va oziq-ovqat mahsulotlari iste'moli bilan bog'liq barcha mavjud tavakkalchilik turlari hamda maqsadli nazorat yo'nalish choralarini qo'llash natijasida yo'qotishlarning oldini olish yoki ularni  aqlan qo'llash darajasigacha kamaytirishdir.

Tizim bizga nima beradi?

Bugungi kunda ko'pchilik sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar havfsizligi va sifatini xalqaro talab darajasiga ko'tarish, raqobatbardoshligini oshirish hamda sifatni boshqarish uchun ISO 9001 va ISO 22 000 xalqaro standartlari joriy qilina boshlandi.

Agar mazkur tizim respublikadagi barcha oziq-ovqat sanoat korxonalarida  joriy qilinsa, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xavfsizligi ta'minlanib, sifat jihatidan ham raqobotbardoshligi ortadi. Oziq-ovqat ishlab chiqarish va iste'molchiga etkazish jarayonlari zanjirida ortiqcha yo'qotishlar kamayadi, samaradorlik oshadi, mehnat resurslarini oziq-ovqatdan kasallanishi hamda ish vaqtini yo'qotishiga barham beradi.  Natijada esa davlat manfaat ko'radi. Tizimning ishlab chiqarish jarayonlarini mikrobiologik, biologik, jismoniy, kimyoviy va boshqa ifloslanish xavfidan himoya qilish vazifasi ham bor. Bu orqali oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi sub'ektlar o'z mahsulotlarini bozorga chiqarish davrida  ularning iste'mol bo'yicha xavfsizligi va savdo belgisi (brendi) himoyasini ta'minlaydi.

Bilasiz, korxonalarda asosiy ishni eng so'nggi modeldagi asbob-uskunalar bajarsa-da, inson qo'l mehnati ham zarur bo'ladi.Aytaylik, ish jarayonida yaroqsiz masalliqlarni saralash, tayyor mahsulotni qadoqlash, uni maxsus idishlarga joylashtirish kabi bosqichlarda ishchilar faol qatnashadi. Ana shu jarayonda mazkur tizimning ahamiyati ortadi. Korxona markaziy dasturiga o'rnatilgan xavfsizlik tizimi sanatariya-epidimolik me'yorlariga rioya qilinishini ham nazorat qiladi.   

Bundan tashqari, ISO 22 000 “Oziq-ovqat mahsulotlari  havfsizlik menejment talablari” xalqaro standarti asosida XTNTN printsipida tuzilgan menejment tizimi korxonalarga nafaqat Evropa Ittifoqi talablariga mos, balki EI va EOII oziq-ovqat bozorida kuchli raqobatga chidash qobiliyatiga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatini ham beradi.  

Qonunchilikdagi ahamiyati va printsiplari

XTNTN tizimini qadr-qimmati oziq-ovqat ishlab chiqarishni barcha  bosqichida  davriy nazorat yordamida xatolarni  oldini olish va oldindan ko'ra bilish bilan o'lchanadi, dedik. Qolaversa, bu iste'molchilar uchun muhim masala hisoblangan xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilishini  kafolatlashda ham muhim ahamiyatga ega.  

Bundan tashqari, XTNTNni qo'llash me'yoriy va qonunchilik talablarini bajarishni ta'minlaydigan a'lo darajadagi argumentdir.  XTNTN barcha oziq-ovqat  tizimida, qishloq xo'jalikning birinchi ishlab chiqarishi (o'simlikshunoslik va chorvachilik) dan boshlab va toki ulgurji-chakana savdo bilan yakunlanib, oziq-ovqat mahsulotlari chaqiradigan   kasalliklar to'g'risida eng afzal effektiv va optimal ogohlantirish  tizimi hisoblanadi.

Har bir sohada bo'lgani kabi, bu tizimning ham o'ziga xos ishlash printsiplari bor. Xususan, xavfni (xavfli faktorlar) ziyraklik bilan tahlil qilish, nazorat kritik nuqtalarini (KNN) aniqlash, har bir nazorat nuqtalarini  kritik chegaralarini  o'rnatish, kritik nazorat nuqtalarini monitoring protsedurasini o'rnatish (qanday?, kim?, qachon?), korriktirovkalash  harakatini  ishlab chiqish, hisobot va hujjat  yuritish protsedurasi hamda XTNTN tizimining  hujjatlar to'plamini  tekshirish  protsedurasini o'rnatish kabilar tizimning bexato va benuqson ishlashini ta'minlaydi. 

Foydali faktorlar

XTNTNni joriy qilishdan keladigan foyda beshta asosiy  faktorlarni  bajarilishiga qarab aniqlanadi. Jumladan, musaffolikni  oshirish, yaroqsiz mahsulotning miqdori hamda sarmoya sarfini kamaytirish, aylanma va bozor ulushini ko'tarish hamda samaradorlikni oshirishdagi ko'rsatkichlarda tizimning foydasi yaqqol ko'zga tashlanadi. 

Tan olish kerakki, butun dunyoda hukm surayotgan pandemiya odamzotni gigiena qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda yashashni o'rgatmoqda. Bunday vaziyatda mazkur tizimning ahamiyati yanada ortdi. Pandemiya davomida va  undan keyingi davrda ham har qanday mahsulot jiddiy tekshiruv va xavfsizlik standartlari asosida iste'molchiga etib borishi talab etilmoqda. SHundan kelib chiqib, har bir korxona mazkur xavfsizlik tizimini o'zi ishlab chiqib, faoliyatiga joriy qilsa, iste'molchilarning mahsulot sifatiga bo'lgan ishonchini qozonadi. Qolaversa, jahon bozorida ham o'z o'rnini mustahkamlab oladi.

Farohiddin  DADAXONOV,

"O'zbekoziqovqatxolding" kompaniyasi bo'lim boshlig'i