Oziq-ovqat mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa 3-yil muddatga beriladi

    Hukumatning joriy yil 13-noyabrdagi 720-son qarori bilan «Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

    Reglamentga ko‘ra, sanitariya-epidemiologik xulosa 3 yil muddatga beriladi.

    Ushbu xulosa chetdan olib kelinayotgan mahsulotga mahsulotning yaroqlilik davriga, yaroqlilik muddatiga ega bo‘lmagan mahsulotga esa – muddati ko‘rsatilmasdan beriladi.

    Sanitariya-epidemiologik xulosa quyidagi holatlarda olinishi lozim:

    • yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganda;
    • ishlab chiqarilayotgan mahsulot tarkibi o‘zgarganda;
    • mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonining konstruksiyalari, jamlanmalari o‘zgarganda;
    • tajriba uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarga;
    • respublika hududiga olib kiriladigan oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlariga;
    • mahsulot ishlab chiqarish uchun berilgan sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilish muddati tugaganda.

    Ariza beruvchi davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markaziga kelib yoki elektron tarzda YaIDXP (my.gov.uz) orqali foydalanishi mumkin.

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xulosani QR-kod orqali tasdiqlaydi hamda 1 ish kunida ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.