Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda yangi yondashuvlar va innovatsion yechimlar

    Agrosektor 27 Aprel 2022 2048

    Senatning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti hamkorligida “Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda tuproqlarning integrallashgan boshqaruvi va melioratsiyasi: yangi yondashuvlar va innovatsion yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Konferensiyada Fanlar Akademiyasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, AgroEkoBiotexnologiya markazi, OʻzMU professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar, ilmiy-tadqiqot institut olimlari hamda qator vazirlik va idoralar ishtirok etdi.

    Taʼkidlanganidek, yer qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarishning asosini tashkil etib, xalqning eng asosiy va bebaho boyligi hisoblanadi.

    Respublikamiz iqtisodiy barqarorligini taʼminlashda, shuningdek, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻlaroq qondirishda qishloq xoʻjaligining taraqqiyoti tuproqdan unumli va oqilona foydalanishga bogʻliq boʻlib, davlat ahamiyatiga egadir.

    Konferensiyada hozirgi vaqtda butun sayyorada qishloq xoʻjalik ekinlari ekilayotgan 1,5 milliard gektar yerdan har yili 7-8 million gektar unumdor yerlar degradatsiyaga uchrayotgani, shuningdek, dunyo boʻyicha sugʻoriladigan yerlarning deyarli 25 foizi turli darajada shoʻrlanayotganligi maʼlum qilindi.

    FAO ekspertlarining fikricha, shoʻrlanish insoniyatning global muammolaridan biri hisoblanadi. Choʻl va yarim choʻllarda, qurgʻoqchil iqlim sharoitlarida tarqalgan tuproqlar yuqori darajada shoʻrlanganligi bilan ajralib turadi.

    Tadbir ishtirokchilari tomonidan respublikada yer resurslaridan foydalanish samaradorligini va qishloq xoʻjaligi yerlari unumdorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi yerlaridan, ayniqsa, sugʻoriladigan yerlardan boshqa maqsadlarda foydalanishning oldini olish yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish, yer fondi hisobini yuritishni tizimlashtirish sohaga zamonaviy yuqori texnologiyali texnik vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.