O‘zJOKU talabalari "Oltin qalam" bilan taqdirlandi

    3 may — Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan poytaxtimizning “Turkiston” saroyida jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XV milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

    Bu galgi taqdirlash marosimi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining jonkuyar jamoasi hamda barcha talabalari tomonidan juda katta quvonch bilan qarshi olindi. Chunki, taqdirlanganlar orasida universitetimizning to‘rt nafar talabasi ham bor.

    “Yurtimizda kechayotgan islohotlar jarayonida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida tayyorlangan turkum telemahsulotlari uchun O‘zJOKU Sirtqi bo‘lim 3-kurs talabasi, “Xalqaro press-klub” muxbiri Sardor Sobirov uchinchi o‘ringa munosib topildi. Bu albatta, “Xalqaro press-klub” jamoasining hamda universitetimizning ham yutug‘idir. Sardor Sobirov “Xalqaro press-klub”ning “Masofada” loyihasi orqali yurtdoshlarimizga juda yaxshi tanilib ulgurgan.

    “Davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi material uchun” nominatsiyasida Sirtqi bo‘lim teleradiojurnalistika yo‘nalishi talabasi Jaloliddin Mirzayev (“BizTV” onlayn telekanali) taqdirlandi. Jaloliddin Mirzayev mamlakatimiz yoshlari orasida “MY5” telekanali “HASHTAG” loyihasi orqali yaxshi tanilgan.

    Eng yaxshi jurnalistik radio material uchun 1-o‘ringa Sirtqi bo‘lim Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishining 1-kurs talabasi Nargiza Kulmatova munosib deb topildi. Nargiza o‘qish bilan bir qatorda “Poytaxt-inform” radiokanali muharriri sifatida faoliyat olib boradi.

    “Iqlim o‘zgarishining O‘zbekiston ekologiyasiga ta’siri masalalari bo‘yicha eng yaxshi material uchun” nominatsiyasi xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar fakulteti 3-kurs talabasi Karim Zaripovga, “Darakchi” gazetasidagi maqolalari uchun, berildi.

    2018 yili davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan universitetimiz o‘z faoliyatini boshlagan edi. Bugun talabalarimiz orasida ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan, ham o‘qib, ham ommaviy axborot vositalarida o‘z ijodiy faoliyatini olib borayotganlari ko‘p. Bu muvaffaqiyatlar Prezidentimiz qarorining naqadar to‘g‘ri qaror bo‘lganligining isboti bo‘lmoqda.

    Universitetimiz rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja boshchiligida professor-o'qituvchilar hamda butun jamoa birgalikda mamlakatimizning yanada rivojlanib borishida o‘z hissasini qo‘shadagan malakali jurnalist kadrlarni tayyorlashdan hech ham charchashmaydi.




    Nuriddin Jabiyev,

    O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy

    kommunikatsiyalar universiteti

    Sirtqi bo‘lim boshlig‘i