баннер
24 Apr 2025
02:40

    OʻzJOKUdagi Navroʻz tadbiri uch avlod jurnalistlari uchun muloqot maydoni boʻldi

    Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Bibixonim OʻzJOKUda” nomli Navroʻz bayrami boʻlib oʻtdi.

    Bayramning ochilishi rektor tabrigi, birinchi chiqishlar va sharq madaniy merosi hamda ayol nozikligini ifodalovchi Bibixonimning tadbir markaziga kirib kelishi bilan oʻtdi.

    Shuningdek, tadbir doirasida 15 ta davlatning milliy burchaklari, anʼanaviy taomlar festivali, xalq oʻyinlari, kuy-qoʻshiqlar, raqslar va jonli muloqot tashkil etildi.

    Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov mazkur tadbirda mehmon boʻlganidan mamnun ekanligini yozdi.

    "Tadbir doirasida badiiy sahna chiqishlari, milliy taomlar, madaniy koʻrgazmalar, musiqiy dasturlar hamda qardosh mamlakatlar va yaqin hamkorlarimiz madaniyatiga bagʻishlangan ekspozitsiyalar bilan tanishdik.
    Samimiy va bayramona muhitda ustoz-jurnalistlar, soha faxriylari, universitet jamoasi hamda talabalar bilan suhbatlashdik.
    Bunday tadbirlar tariximiz va boy madaniyatimizga boʻlgan hurmat, milliy anʼanalarimizni asrab-avaylash ruhini yuksaltirish bilan birga, avlodlar oʻrtasidagi rishtalarni mustahkamlash, tajribali jurnalistlar va sohaga kirib kelayotgan yoshlar uchun muloqot maydoni sifatida ham katta ahamiyatga ega", — deb yozadi Sherzod Asadov.

    Ushbu tadbirda universitet uchun qadrli mehmonlar ishtirok etishdi:

    — Sherzod Asadov — Prezident Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi;

    — Kongratbay Sharipov — Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri;

    — Ahmed Faruq janoblari —Pokistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi;

    — Muhammad Manirul Islom janoblari — Bangladeshning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi;

    — Pokiston, Turkiya, Qirgʻizistonning Oʻzbekistondagi elchixonalari vakillari;

    — Qozogʻiston va Qirgʻiziston madaniyat markazlari vakillari;

    — Abdusaid Koʻchimov — UzA Milliy axborot agentligi direktori;

    — Salim Doniyorov — “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri hamda OʻzJOKU rahbariyati va talabalari hamda boshqa aziz mehmonlar.

    “Bibixonim OʻzJOKUda” bayrami bahor yangilanishining, madaniy boylikning va xalqaro doʻstlikning haqiqiy ramziga aylandi!
    Telegram kanalimiz
    Text to speech