“O'zkimyosanoat”: o'sish sur'atlari ta'minlanadi

    “O'zkimyosanoat” AJ tomonidan mahalliylashtirish dasturiga muvofiq, o'tgan yili qiymati 1342,8 milliard so'mlik yigirma uchta loyiha amalga oshirildi va o'sish sur'ati 166,5 foizni tashkil etdi.

    “O'zkimyosanoat” aktsiyadorlik jamiyatining 2020 yilgi faoliyati yakunlari va 2021 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ustuvor vazifalar taqdimotiga bag'ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

    Tadbirda “O'zkimyosanoat” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan o'tgan yilda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari, mahsulot hajmi va mahsulot turlari haqida ma'lumot berildi.

    Axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 2020 yilda qiymati 7301 milliard so'mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi va o'sish sur'ati 2019 yilga nisbatan 108,3 foizni tashkil etdi.

    Bu yil esa 9291,1 milliard so'mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va o'sish sur'ati 121 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

    “O'zkimyosanoat” AJ tomonidan mahalliylashtirish dasturiga muvofiq, o'tgan yili qiymati 1342,8 milliard so'mlik yigirma uchta loyiha amalga oshirildi va o'sish sur'ati 166,5 foizni tashkil etdi. Bu yil esa 1467,1 milliard so'mlik yigirma oltita loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

    Sanoat kooperatsiyasi doirasida o'tgan yili jami etti turdagi 592,5 milliard so'mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

    Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi 310,7 milliard so'mga (4,4 foizga) kamaytirildi. Asosiy e'tibor energiya resurslari sarfini kamaytirishga qaratilib, 27,2 milliard so'm tejaldi.

    O'tgan yil yakuni bo'yicha umumiy qiymati 188,9 million dollarga teng bo'lgan kimyoviy mahsulotlar eksport qilindi. 2019 yilga nisbatan yillik o'sish sur'ati 108 foizni tashkil etdi.

    2020 yilda umumiy 41 turdagi mahsulot eksportga chiqarilib, eksport qilinayotgan mahsulotlarni diversifikatsiyalash bo'yicha ishlar olib borildi. Natijada joriy yilda PVX, gipoxlorid, kaustik soda, polietilen pleyonkasi va avtomobil` shinasi kabi yangi turdagi mahsulotlarni eksport qilish bo'yicha umumiy qiymati 17,3 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi. O'tgan yilning 31 dekabr` holatiga ko'ra 12 million dollarlik mahsulot eksportga chiqarildi.

    Bugungi kunda qiymati 6031 million dollarlik 33 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihalar hayotga tatbiq etilishi natijasida 2470 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi va 1002 million dollarlik mahsulot eksport qiladi hamda 5133 ta yangi ish o'rni yaratiladi.