Unda OʻzLiDePning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlari va amalga oshirilgan ishlari xususida soʻz yuritildi.
Brifingda maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonida partiyadan koʻrsatiladigan nomzodning Saylovoldi dasturi loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur yoʻnalishda doimiy faoliyat olib boruvchi ishchi guruh tuzildi.
Shu yilning aprel-may oylarida siyosiy partiyalarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga taʼsiri hamda aholining siyosiy jarayonlarga munosabati, fikr-mulohazalarini atroflicha oʻrganish maqsadida tuman (shahar)larda soʻrovlar oʻtkazildi va unda 30 mingga yaqin respondent qatnashdi. Shu tariqa boʻlajak saylov oldidan aholining kayfiyati, ularning siyosiy jarayonlarga, xususan, partiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga munosabati oʻrganildi. Shuningdek, kelgusida partiya aholi orasiga yanada chuqurroq kirib borish uchun oʻz ish uslubiga qanday oʻzgartishlarni kiritish kerakligi toʻgʻrisida xulosalar chiqardi.
Ana shu ishlar bilan bir vaqtda partiya avvalgi saylovda berilgan vaʼdalar ijrosini har bir viloyat kesimida sarhisob qildi. Bu yoʻnalishda videoroliklar, maqolalar tayyorlandi, shuningdek, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil qilindi. Shuningdek Saylov bilan bogʻliq jarayonlar uchun turli tashviqot materiallari tayyorlanib, tarqatildi. Prezidentlikka koʻrsatilgan nomzodning saylovoldi dasturi 7 ta tilda kitobcha shaklida chiqarilib saylovchilar eʼtiboriga havola etildi.
OʻzLiDePning 1 milliondan ziyod aʼzosi boʻlib, ularning yarmi yoshlardir. Partiya “Yoshlar qanoti” shu yil boshidan 30 ga yaqin mavzu va yoʻnalishda 4,5 mingdan ziyod tadbir oʻtkazdi. Saylovga start berilishi bilan har bir tumanda faol boʻlgan yoshlardan iborat jami 3,5 mingga yaqin volontyor hamda 70 dan ziyod yoshlar parlamenti aʼzolaridan iborat Yosh saylovchilar va volontyorlar targʻibot guruhlari tuzildi. Hozirda targʻibot guruhlari joylarda mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, targʻibot ishlarini olib bormoqda.
Brifing yakunida ommaviy axborot vositalari uchun intervyu tashkil qilindi va jurnalistlarning savollariga javob berildi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri