Unda fraksiyalar tomonidan bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni izchillik bilan davom ettirishda huquqiy poydevorni yanada mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, keng koʻlamli oʻzgarishlarni qatʼiy davom ettirish maqsadida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish parlament oldida turgan muhim vazifa ekanligi aytib oʻtildi.
Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan keng koʻlamli va izchil demokratik islohotlar natijasida Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning mustahkam siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-maʼrifiy va maʼnaviy-madaniy asoslari yaratildi.
Kundalik hayotimizda “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “soʻz erkinligi”, “din va eʼtiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” kabi fundamental demokratik tushunchalar va qadriyatlar real voqelikka aylandi. Jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan oʻzgaryapti.
2021-yilda erkin va demokratik, ochiq va oshkora, sogʻlom raqobat va siyosiy kurash muhitida boʻlib oʻtgan Prezident saylovi tom maʼnoda mamlakatimiz oʻzi tanlangan demokratik taraqqiyot yoʻlidan hech qachon ortga qaytmasligini isbotlab berdi.
Keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash hamda kuchli faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar zarurligi taʼkidlangan edi.
Davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan tabrigida ham Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantigʻiga moslashtirish, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifaga aylangani hamda konstitutsiyaviy islohotlarning yoʻnalishlari koʻrsatib oʻtilgandi.
Qoʻshma yigʻilishda Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda Bosh qomusimiz – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etishi taʼkidlab oʻtildi.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining fraksiyasi aʼzolari Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish boʻyicha ilgari surayotgan taklifini toʻlaqonli qoʻllab-quvvatlashini bildirib, ushbu jarayonda parlament aʼzolari, keng jamoatchilik va xalqimiz birlashgan holda ushbu islohotlarni roʻyobga chiqarishda asosiy drayver boʻlishi kerakligini qayd etdi.
Shuningdek, fraksiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirishga qaratilgan aniq normalar barcha fuqarolar, jamoatchilik vakillari hamda xalqimizning taklif va fikrlari asosida shakllanishi, bunda ochiqlik va shaffoflik taʼminlanishini zarurligini bildirdi.
Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yetakchi fraksiyalari hisoblanib, siyosiy tizimda alohida oʻrin tutadi. Ushbu fraksiyalarning aʼzolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish boʻyicha ilgari surayotgan tashabbuslari partiyalarning maqsad va vazifalari hamda saylovoldi dasturlari bilan hamohang kelishi taʼkidlandi.
Qoʻshma yigʻilish yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish masalasini Oliy Majlis palatalari Kengashlariga kiritishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.