Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni keng targʻib qilish, yoshlarini vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, tizimda davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida, joriy yilning 10-sentyabridan 10-oktyabrigacha boʻlgan vaqt oraligʻida Vazirlik taʼlim muassasalarining kursant (tinglovchi) va oʻquvchilari oʻrtasida “Oʻzligimiz timsoli – Ona tilim” mavzusidagi onlayn insholar tanlovi oʻtkazildi. Tanlovda ming nafardan ortiq iqtidorli oʻquvchi va kursantlar ishtirok etib, ularning ijodiy ishlari Vazirlik Birlashgan tahririyati nashrlari hamda iiv.uz va postda.uz saytlari orqali doimiy ravishda yoritib borildi.
Asosan, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kursant va tinglovchilari, ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamda hududlardagi akademik litseylar oʻquvchilaridan tanlovga yuborilgan insholar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining oʻqituvchilaridan iborat hakamlar tomonidan baholanib, gʻoliblar aniqlandi.
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni arafasida Vazirlikning “Maʼrifat va axborot-resurs markazi”da “Oʻzligimiz timsoli – Ona tilim” insholar tanlovi gʻolib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirgʻizboyev ochdi va bugun mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini yana-da oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasi haqida gapirib, bu kabi ijodiy tanlovlar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash,
ona-tilimizga boʻlgan hurmat-ehtiromini yuksaltirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
Tanlov hakamlar hayʼatining yakuniy xulosasiga koʻra, faxrli 3-oʻringa Ixtisoslashtirilgan maktab internatining 9-sinf oʻquvchisi Sh.Xamidullayev va Akademiyaning 3-bosqich kursanti M.Oʻsarboyevlar munosib deb topildi. Qoraqalpoq akademik litseyining 3-bosqich oʻquvchisi S.Jumaniyozova va Akademiyaning 2-bosqich kursanti Ya.Joʻrayevlar tanlovda 2-oʻrinni egalladilar. Gʻoliblik esa, Qashqadaryo akademik litseyining 3-bosqich oʻquvchisi M.Xudoynazarova va Akademiyaning 3-bosqich kursanti R.Abdullayevlarga nasib etdi. Bundan tashqari bir guruh ishtirokchilar insholaridagi ijodiy va tahliliy fikrlari, savodxonligi va chiroyli husnixat sohibi sifatida ragʻbatlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandilar.
Tanlovning gʻolib va sovrindorlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirgʻizboyev, Ichki ishlar vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi, podpolkovnik X.Roʻziyev va Vazirlik Kadrlar bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari podpolkovnik U.Nurullayevlar tomonidan diplom, pul mukofoti va kitoblar toʻplamlari tantanali tarzda topshirildi.
Tadbirda soʻz olganlar vatanni asragan kabi ona tilimizni ham himoya qilish, uni asrab-avaylash har birimiz uchun muqaddas burch ekanligiga eʼtibor qaratdilar. Oʻzligimiz timsoli boʻlgan tilimizning boy imkoniyatlaridan foydalangan holda, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida bu kabi ijodiy tanlovlar alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar. Insholar tanloviga yuborilgan eng sara ijodiy ishlarni alohida toʻplam holida chop etishga kelishib olindi.
Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tarkibiy va hududiy ichki ishlar organlarida davom etmoqda.
IIV Axborot xizmati