Til katta qudratga ega boʻlib, u millatni yagona xalq sifatida birlashtiradi. Millat bor ekan u oʻz vatani, tilini begona taʼsirlardan asrash, ehtiyotlash uchun harakat qiladi. Turk maʼrifatparvari Ismoilbek Gaspirali aytganidek: “Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sugʻurib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur”. Haq gap, til va din juda nozik masala. Ularni millatdan ayirmak shaksiz tanazzulga olib boradi.
Yangilanayotgan Oʻzbekistonda rivojlanish tamoyillari belgilab qoʻyilgan har bir soha oʻz taraqqiyotida shiddat bilan davom etar ekan, bu yoʻlda tilga eʼtibor ham zarur. Bu yoʻlda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish boʻyicha qator amaliy ishlar olib borilyapti. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ham islohotlardan chetda emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining barcha tizim tashkilotlarida davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha rahbarning maslahatchisi lavozimi joriy etilgan. Shunga koʻra, akademiya tizimida jami 38 nafar maslahatchilar oʻz tashkilotlarida davlat tilida ish yuritilishi boʻyicha tegishli amaliy ishlarni olib boryapti. Maslahatchilar binolar peshtoqidagi turli lavha va reklamalarni qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirish masalalaridan tortib, tashkilotdagi har bir xat-hujjatgacha oʻz nazoratlariga olgan. Akademiya tizimidagi barcha muassasalarning xat va buyruq blankalari lotin alifbosiga asoslangan oʻzbek tilida olib borilyapti.
Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan joriy yil 20-oktyabrda akademiya oʻz tizim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan maslahatchilarni yil davomida amalga oshirgan ishlarini munosib taqdirladi. Unga koʻra, tizim tashkilotlari maslahatchilarining yil davomida amalga oshirgan ishlarini monitoring qilish boʻyicha akademiya boshqaruv apparatida ishchi guruh shakllantirilib, soʻrovnomada koʻrsatilgan bandlar boʻyicha baholandi. Oʻttiz sakkizta maslahatchi orasidan saralab olingan eng munosib yetti nafariga akademiya prezidenti tomonidan tashakkurnoma va sovgʻalar taqdim etildi.
Beknazar Kasimov — OʻzRFA, U.A.Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutining maslahatchisi
Surayyo Uljabayeva — OʻzRFA, Temuriylar tarixi davlat muzeyining maslahatchisi
Barno Karabayeva , Vohidova Noira — OʻzRFA, polimerlar kimyosi va fizikasi institutining maslahatchisi
Dildora Usmanova — OʻzRFA, Gʻ.O.Movlonov nomidagi seysmologiya institutining maslahatchisi
Jahongir Ostonov — OʻzRFA, Sharqshunoslik institutining maslahatchisi
Barliboyeva Sitora – OʻzRFA, Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining maslahatchisi
Oʻzbekistonning barcha hududlarida keng koʻlamda, tantanali nishonlangan oʻzbek tili bayrami barchamizga yana bir bor muborak boʻlsin. Zero, ona tilimizning haqqoniy tantanasi, davlatchilik anʼanalarimizning yuksak tarannumi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ulugʻ maʼrifatparvarlarimizdan biri M.Behbudiy taʼkidlaganlaridek: “Har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yoʻqotmak millat ruhini yoʻqotmakdur”. Demak, tilimizni sof saqlab qolmoqlik burch va masʼuliyatimiz. Bu yoʻlda esa har birimiz masʼulmiz.
Omina Azizova,
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi
Prezidenti maslahatchisi.