7 dekabr` kuni vodiydan kelayotgan, aksincha vodiyga ketayotgan minglab odamlar kun sovuq bo'lishiga qaramay, tashkilotlar tomonidan daraxt ekish ishlari avjida ekaniga guvoh bo'ldi. Xususan, shu kuni Madaniyat vazirligi xodimlari, taniqli san'atkorlar Ohangaron tumanidagi 2,5 gektar er maydoniga ezgu niyat bilan 2000 tup terak ko'chatlarini o'tqazdi. Daraxt ekish savobli ish. Har yili ming-minglab daraxtlar ekilyapti. Biroq ularning hammasi ham ildiz otib, ko'kka bo'y cho'zyaptimi? Tadbir avvalida shu savollar bilan Toshkent viloyati hokimi o'rinbosari Jamshid Bobojonovga mikrafon tutdik.
— Yo'l bo'yidan unumli foydalangan holda YAshil makon doirasida tashkilotlar tomonidan ko'chatlar o'tqazilyapti. Ular qurib qolmasligi, hayvonlar payxon qilmasligi uchun shartnoma asosida shu hudud atrofida yashovchi kishilarga biriktirilyapti. Kelajakda bu daraxtlardan foydalanish huquqi o'sha vakillarning o'zlariga beriladi, — dedi hokim o'rinbosari.
O'zi ham qishloqda o'sgani, tomorqani, daraxtlar parvarishini g'oyat yaxshi ko'rishini aytgan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov daraxt ekishdek xayrli ishni boshlab berar ekan, shunday dedi:
— Davlatimiz rahbari bejizga ko'proq yashillik yarataylik deb gapirmayapti. Buning mohiyatini chuqur his qilishimiz kerak. SHuning uchun bunga tizimli yondashilyapti. Tashkilotlarda rahbardan tortib oddiy xodimgacha yil mobaynida 10 ta daraxt ekilishi belgilab qo'yildi. Aslida, bunday tashabbusni o'zimiz qo'lga olishimiz kerak. Agar shunday bo'lsa, bu borada hech qanday nazoratga xojat yo'q. Negaki, bitta daraxt keltiradigan foydani tushunib etadigan bo'lsak, har bir daraxtga minglab nazoratchi bo'ladi. Daraxtning ham joni bor deb, unga insondek munosabatda bo'lsak qani edi. Yildan-yilga ekologiya hayot-mamot masalasiga aylanib borayotgan paytda daraxt ekish qandaydir majburiyat emas, azaliy qadriyatimiz ekanini his qilishimiz kerak. Buni qo'shiqlarda, fil`mlar, spektakllar orqali yoshlarga ham chuqurroq singdirishimiz, ko'proq targ'ib qilishimiz kerak, deb o'ylayman. Zero, tan olishimiz kerak, tabiat, ekologiya, bular bilan insonning munosabati haqidagi ijod mahsullarimiz deyarli yo'q.
Ha, daraxt ekish savob amallardan ekanini qancha targ'ib qilsak, shuncha kam. Biroq baribir, bu borada istak ich-ichimizdan chiqishi kerak. O'ylaymizki, Madaniyat vazirligi tizimidagi barcha tashkilotlar tomonidan ekilayotgan daraxt nihollari alohida mehr, ichki xohishdan kuch olib, ildiz otadi.
Munojat MO'MINOVA