Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Madaniyat vaziri О.Nazarbekov ishtirokida "KINGSMAN UZBEKISTAN" kiyimlar doʻkoni haqidagi reklama boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilayotganligini maʼlum qilgan edi.

Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan tegishli tartibda ish qoʻzgʻatilib, natijasi boʻyicha "KINGSMAN UZBEKISTAN" brendi ostida faoliyat koʻrsatuvchi "Boutique" MCHJ "Reklama toʻgʻrisidagi" Qonunning 16-moddasini, yaʼni reklamada tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan maʼqullanganligini koʻrsatish boʻyicha taqiq talablarini buzgan deb topdi.

Natijada, ushbu korxonaga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilindi va qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan koʻrsatma berildi.

Maxsus komissiya tomonidan ishni koʻrib chiqish jarayonida Madaniyat vaziri О.Nazarbekovning reklamada ishtirokini reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi yoki reklama tarqatuvchi sifatida ishtirok etganligining alomatlari aniqlanmadi.

О.Nazarbekov tomonidan reklamani oʻz shaxsiy ijtimoiy tarmoqlari va boshqa rasmiy tarmoqlar orqali tarqatmaganligi "Reklama toʻgʻrisidagi" Qonuniga asosan reklamaning aylanishi sohasidagi ishtirokchisi sifatida baholanmaydi.