Prezidentimiz oʻtgan yil soʻngida mamlakatimiz yoshlari bilan videoselektor tarzida oʻtkazgan Oʻzbekiston yoshlari forumining 100-son bayonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joylarda tizimli ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, har bir tuman va shahardan 5 nafargacha, jami 1006 nafar yoshlar madaniyat va sanʼat sohasidagi oliy taʼlim muassasalariga mahalliy byudjet asosida oʻqishga qabul qilindi. Talabalarning toʻlov-kontrakt pullari hududiy hokimliklar tomonidan mahalliy byudjet hisobidan qoplanadi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Namanganga tashrifi davomida ushbu viloyatdan oʻqishga qabul qilingan 60 nafar talaba bilan uchrashdi. Suhbat davomida nomzodlarni tavsiya etishda kasb tayyorgarligiga ega ekanligiga alohida eʼtibor qaratilgani maʼlum boʻldi.  

Endilikda talabalarning taʼlim va amaliyoti birgalikda olib boriladi va ularni zahira kadr sifatida muvofiqlashtirish hamda nazoratga olish Madaniyat vazirligi zimmasida boʻladi. Eng muhimi, talabalar Namangan viloyatidagi madaniyat muassasalari rahbarlariga ham shogird sifatida biriktirildi. Bu esa yoshlarimiz tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi. Ular endi soha rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshib, Prezident ishonchini oqlashiga ishonamiz.