Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun Qozogʻiston Respublikasining ikkinchi darajali “Dostiq” (“Doʻstlik”) ordeni bilan taqdirlandi.
Mukofotni Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev nomidan ushbu mamlakatning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov topshirdi.
Shuningdek, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning farmon bilan Oʻzbekistondan ham madaniyat va sanʼat sohasidagi ikki vakilga fahriy unvon berildi:
- Oʻzbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga — Qirgʻiziston xalq artisti faxriy unvoni;
- Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti “Anʼanaviy maqom ijrochiligi” kafedrasi katta oʻqituvchisi Farangiz Mahmudovaga— Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoni.
Hujjatda aytilishicha, ushbu unvonlar Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasidagi doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi uchun berildi.