Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻzgidromet hamkorligida “Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuni”ga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi. Seminarda ozon qatlami va uni muhofaza qilish masalalari keng muhokama qilindi.
Bugun yurtimizda atmosfera qobigʻida joylashgan, yerdagi hayot davomiyligini taʼminlashda oʻz hissasini qoʻshadigan, oʻzi yupqagina, biroq tarqalishi yerdan 10 km masofadan 50 km.gacha boʻlgan oraliqni zabt etgan “ozon qatlami”ni muhofaza qilish boʻyicha qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro miqyosda qabul qilingan hujjatlar ichida Ozon qatlamini muhofaza qilish boʻyicha Vena Konvensiyasi va Ozon buzuvchi moddalar boʻyicha Monreal protokolining dunyodagi oʻrni beqiyos. Mazkur hujjatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan va qoʻyilgan talablarga asosan samarali ishlar yoʻlga qoʻyilgan muhim hujjatlar hisoblanadi.
2018-yilning 9-yanvarida Vazirlar Mahkamasining “Ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular boʻlgan mahsulotlarning Oʻzbekiston Respublikasiga importini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular boʻlgan mahsulotlarni respublikamizga importi respublikamizdan eksportini davlat tomonidan tartibga solishni taʼminlanib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular boʻlgan mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasiga importi va Oʻzbekiston Respublikasidan eksporti uchun ruxsatnoma olish boʻyicha 2237 ta elektron arizalar kelib tushgan. Ulardan 9 tasiga ruxsatnoma, 2176 tasiga ruxsatnoma talab etilmasligi toʻgʻrisida xulosalar va 52 tasiga rad etish xatlari rasmiylashtirilgan.
2018–2030-yillar davrida ozonni buzuvchi moddalarning Oʻzbekiston Respublikasiga importi uchun kvotalar tasdiqlangan boʻlib, 2018-yilda 58,48 tonna belgilangan boʻlsa, 2020 – 2029-yillarda 6,8 tonnani, 2030-yilda ozonni buzuvchi moddalarga kvotalar ajratilishi toʻxtatilishi belgilab qoʻyilgan.
2005-yilda ozonni buzuvchi moddalarning Oʻzbekiston Respublikasiga importi uchun kvota 883,6 tonnani tashkil qilgan boʻlib, hozirda ushbu koʻrsatkich 130 barobarga qisqarganligini koʻrishimiz mumkin.
Yigʻilish muhokama va bahs-munozaralarga boy boʻldi. Mavjud muammolarga koʻplab yechim va takliflar berildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.