Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari, “O‘zsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov, boshqaruv raisi o‘rinbosarlari Rustam Mamadjonov va Xurshid Rahmatullayev, “K-water” korparatsiyasi ijrochi direktori va kompaniyaning boshqa masʼullari ishtirok etdi.

Memorandumga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonda suv taʼminoti va sanitariya sohasida salohiyatni oshirish bo‘yicha loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun faol hamkorlik qiladi. Shuningdek, suv taʼminoti va sanitariya bo‘yicha tajriba almashish va birgalikda yechimlar topish uchun seminarlarni va ekspertlar almashinuvi dasturlarini o‘tkazish va ularda ishtirok etish ko‘zda tutilmoqda.

“K-water” kompaniyasi O‘zbekistonda suv taʼminoti sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazi tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlash uchun “O‘zsuvtaʼminot” bilan hamkorlik qiladi.

– O‘zbekiston biz uchun eng muhim sherik hisoblanadi. Hozirda bu yerda pilot loyihalar olib boryapmiz. Jumladan, Toshkent hududidagi eskirgan quvurlarni zamonaviylashtirish, suv taʼminotini yaxshilash va boshqa dasturlarni olib boryapmiz. Biz “O‘zsuvtaʼminot” AJ bilan Suv akademiyasini tashkil etmoqchimiz. Bizning korparatsiyamiz o‘tgan 5 yil mobaynida katta tajribaga ega bo‘ldi, hamda yuzdan ortiq mamlakatlardan kelgan 5 700 stajyorni qayta o‘qitdik. Kompaniyamiz keyinchalik ham O‘zbekistonda suv masalalarini yechishda yaxshi sherik bo‘lishga umida qilamiz, – deydi “K-water” kompaniyasi direktori Jaye Hyun Pak.

2020–2021 yillar davomida “O‘zsuvtaʼminot” AJ mutasaddilari O‘zbekistonda ushbu o‘quv markazini tashkil etish bo‘yicha muzokaralarni olib borish uchun Koreyaga ikki marotaba tashrif buyurib, “K-water” akademiyasining taʼlim infratuzilmasi faoliyati bilan tanishgan edi. 

Ulug‘bek Kamolov