Transport yoʻlaklarini kengaytirish va xalqaro yuk tashishlarni rivojlantirish doirasida “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ, “TULM” OAJ va “Kedentransservis” AJ hamkorligida Hindistondan Qozogʻistonga birinchi konteyner poyezdi yoʻlga qoʻyildi.
Tarkibida 12 ta yigirma futlik konteyner boʻlgan poyezd Hindistonning Mundra portidan Qozogʻistonning Sorokovaya stansiyasiga Hindiston-Eron-Turkmaniston-Oʻzbekiston-Qozogʻiston yoʻnalishida harakatlanib, 1 585 km dengiz orqali va 4 300 km temir yoʻl orqali bosib oʻtadi.
2024-yilda ushbu yoʻnalish boʻylab Hindistondan Oʻzbekistonga (Mundra – Sergeli) 20 ta yigirma futlik konteyner tashuvlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi.
“Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ boshqaruv raisi M.K.Mirhamidovning taʼkidlashicha, kompaniya Hindiston – Markaziy Osiyo multimodal yoʻnalishida muntazam konteyner poyezdlarini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan.
Bu oʻz navbatida savdo aloqalarini mustahkamlash hamda eksportyor va importyorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.