“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ Raqobat qoʻmitasini sudga bermoqchi

    “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ Raqobat qoʻmitasining yoʻlovchilardan asossiz pul undirilgani toʻgʻrisida eʼlon qilgan xabari Qoʻmitaning apellyatsiya kengashida yoki sudda koʻrib chiqilishini maʼlum qildi.

    “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, Jamiyat rahbariyati Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tonidan eʼlon qilingan “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ va “Shahar atrofida yoʻlovchi tashish” MCHJga nisbatan qonun buzilish holatlari yuzasidan moliyaviy jarima qoʻllanildi» nomli xabari koʻrib chiqildi.

    Xabarda “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ Fargʻona filiali (boʻlinmasi) tomonidan temir yoʻl vokzali (stansiyalari) boʻylab 2023-yil davomida 606 380 ta sotilgan chiptalardan vositachilik yigʻim qiymati boʻyicha 660 mln soʻmga yaqin ortiqcha haq undirilganligi aniqlangani aytilgan.

    “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJning 2023-yil uchun hisobot hujjatlariga asosan Fargʻona filialida shu davr mobaynida shaharlararo va shahar atrofida harakatlangan 220 740 nafar yoʻlovchilarga pullik xizmatlar koʻrsatilgan.

    “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalari”ning 147-bandida “Shaharlararo yoʻlovchi tashish poyezdlaridagi chiptaning toʻliq qiymati, ushbu poyezdlarni tashkil etish va xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq amaldagi harajatlarni hisobga olgan holda belgilanadi, Oʻzbekiston Respublikasi va Toshkent shahar moliya boshqarmalari tomonidan koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi” deb belgilangan.

    Maʼlumot oʻrnida: mazkur filial shaharlararo yoʻlovchi poyezdlar chipta narxi 8-yil mobaynida oʻzgarishsiz qolgan boʻlib, hozirgi kunda “Qoʻqon — Margʻilon — Andijon” yoʻnalishi 12 000 soʻm qilib belgilangan. Lekin har bir yoʻlovchi uchun tashish harajati 30 000 soʻmni tashkil qiladi, yaʼni harajatlar yuqoridagi narx bilan umuman qoplanmaydi.

    “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ Fargʻona filiali tomonidan moliya boshqarmasida chiptaning tarif qiymati tasdiqlatilgan boʻlib, vositachilik yigʻimi (3 000 soʻm) tashuvchi tomonidan mustaqil belgilangan.

    Mazkur holatda Fargʻona filiali tomonidan yoʻlovchilardan asossiz pul undirilganligi toʻgʻrisida eʼlon qilingan xabar Qoʻmitaning apellyatsiya kengashida yoki sudda koʻrib chiqilishi maʼlum qilindi.