Mazkur tartibga koʻra, koronavirus pandemiyasining oqibatida aholi va tadbirkorlik subyektlarining kredit toʻlovlari muddati qarzdorning pul oqimi tahlilidan kelib chiqib, tomonlarning kelishuviga koʻra joriy yilning 1-oktyabriga qadar uzaytiriladi.

Xususan, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi joriy etilgan kuchaytirilgan tartib hamda aholi erkin harakatlanishining cheklangani inobatga olinib, banklarda kredit toʻlov muddatini uzaytirish boʻyicha yuboriladigan murojaatlarni masofaviy qabul qilish tizimi (jumladan, veb-sayt, internet-banking, mobil ilova, koll-markaz va boshqa muloqot vositalari yordamida) joriy etildi.

Shu bilan birga, karantinning boshlangʻich davrida aholining kreditlari boʻyicha navbatdagi toʻlov muddatlarini uzaytirish, qarzdorlarni ortiqcha bezovta qilmaslik uchun banklar tomonidan shartnomalarga bir tomonlama oʻzgartirish kiritish avtomatik ravishda amalga oshirildi.Natijada koʻp sonli aholini imkon qadar bank binosiga shaxsan tashrif buyurish majburiyatidan ozod etib, ularga “uyda qolish” imkoniyati yaratib berildi.

Qarzdorlarga yaratilgan qulayliklardan yana biri – barcha banklarga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilgan davrda kredit boʻyicha toʻlovlar muddati oʻtganligi va ular muddatlarining uzaytirilganligi uchun mijozlarga jarima choralarini qoʻllamaslik, shuningdek, undiruvni kreditlarning taʼminotiga qaratmaslik yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.

Shu oʻrinda, koronavirus pandemiyasi oqibatida aholi va tadbirkorlik subyektlari pul oqimlarining keskin kamayishi banklarning moliyaviy holatiga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida toʻlov muddati uzaytirilgan kreditlarning hisobini balansning «shartlari qayta koʻrib chiqilgan kreditlar hisobvaragʻi»ga oʻtkazmaslik, bu kreditlar sifati tasnifini yomonroq toifaga oʻzgartirmaslik va ular boʻyicha qoʻshimcha zaxira tashkil etmaslikka ruxsat berildi.

Bundan tashqari, banklar tadbirkorlik subyektlarining ishbilarmonlik faolligini oshirish, ularning pul oqimlarida vujudga kelgan uzilishlar oʻrnini qoplash maqsadida aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 9 oygacha boʻlgan muddatga qayta tiklanadigan revolver kreditlarini ajratmoqda.

Shuningdek, banklarda kreditlash jarayonlarini soddalashtirish, kredit hujjatlarini markazlashgan tartibda va tezkor koʻrib chiqish hamda inson omilini kamaytirish maqsadida:

- aholi va tadbirkorlik subyektlariga kredit ajratish boʻyicha qarorlarni bir boʻgʻinda qabul qilish maqsadida anderrayterlar xizmati joriy qilinmoqda;

- aholi va tadbirkorlik subyektlariga chakana kreditlarni yagona shartlar asosida faqat modulli kreditlar asosida ajratilishi yoʻlga qoʻyildi;

- taklif etilayotgan kredit mahsulotlarining roʻyxati banklarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borilmoqda;

- aholi va tadbirkorlik subyektlariga onlayn shaklda kredit olish imkoniyatlari yaratildi.