Mazkur hujjat COVID-19 pandemiyasi davrida mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, barcha umumtaʼlim maktablari va maxsus maktab internatlarning xavfsiz ish muhitini taʼminlashga qaratilgan ish faoliyatiga tatbiq etiladi.
Hujjatda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
mashgʻulotlarni soat 8:00 dan soʻng boshlash va 17.30 dan kechiktirmasdan tugatish tavsiya etiladi, mashgʻulotlar uch smenada tashkillashtirilishi mumkin;
pandemiya davrida ommaviy tadbirlar (yigʻilishlar, konsertlar, tugʻilgan kunlar va shu kabilar) oʻtkazish vaqtincha toʻxtatiladi;
barcha bolalar va ularning qonuniy vakillari niqoblarda kelishlari shart;
maktabga kirishdan avval, maktabning tibbiy xodimlari/masʼul xodimlari tomonidan “ertalabki filtrlash” boʻyicha maxsus punkt tashkil etilib, tegishi jurnal yuritiladi;
“ertalabki filtrlash” jarayonidan soʻng, oʻquvchilar kirish joylarida oʻrnatilgan maxsus dispenserdan antiseptik vosita yordamida qoʻllarini zararsizlantiradilar;
niqob/respiratorsiz maktabga kirishiga ruxsat berilmaydi. Bunda, niqob kamida har 3 soatda, respiratorlar kamida har 8 soatda oʻzgartirilishi lozim;
sinflarda har bir oʻquvchiga 2 m² dan kam boʻlmagan maydon boʻlishi talab etiladi;
pandemiya paytida maktab oshxonalari oʻz ishini amaldagi sanitariya meʼyorlari va qoidalari talablariga rioya qilingan holda tashkil etadi;
yuqumli kasalliklar belgilari boʻlgan oʻquvchilar/maktab xodimlari ushbu belgilar aniqlangan vaqtdan boshlab tez yordam guruhi yoki ota-onalar (qonuniy vakil) kelguniga qadar zudlik bilan izolyatsiya qilinishlari shart.