Pandemiya davrida qaysi xodimlarga va qancha miqdorda moddiy ragʻbatlantirish belgilangan?

    Bilasizmi? 11 Avgust 2020 2667

    Ijtimoiy tarmoqlarda pandemiya davrida tibbiyot, SEOM va boshqa xodimlarga davlat tomonidan ajratilayotgan mablagʻlar aslida toʻlab berilmayotganiga oid xabarlar koʻpaymoqda.

    Taʼkidlash joizki, turli sabablar bilan vaqtida toʻlab berilmagan mablagʻlar vakolatli organlar saʼy-harakatlari bilan undirib berilmoqda. Birgina Jizzax viloyati Doʻstlik tuman adliya boʻlimi tomonidan SEOM xodimlariga 24 million 412 ming 800 soʻm undirib berildi.

    Biroq ayrim hollarda qoʻshimcha mablagʻ toʻlanishi lozim boʻlgan toifaga kirmaydigan hamyurtlarimiz tomonidan ham mablagʻ toʻlab berilmayotganiga oid norozichiliklar uchramoqda.

    Bu kabi tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida qonunchilikka koʻra pandemiya davrida qaysi xodimlarga va qancha miqdorda moddiy ragʻbatlantirish belgilanganligini yana bir bor eslatib oʻtamiz:

    1. Prezident Farmoniga (PF-5969-son 19.03.2020-y.) asosan tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlovlar joriy qilindi.

    2. Prezident qaroriga (PQ-4652, 26.03.2020-y.) asosan koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovi belgilandi:

    • vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga — 25 million soʻm;
    • oʻrta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga — 15 million soʻm;
    • kichik tibbiyot xodimlariga — 10 million soʻm;
    • boshqa xodimlarga — 5 million soʻm.

    Shuningdek, mazkur qarorga muvofiq:

    • koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga toʻlanadigan bir martalik toʻlov miqdori 100 million soʻm;
    • koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida ogʻir ahvolga tushgan va sogʻligʻi tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila aʼzolariga toʻlanadigan bir martalik toʻlov miqdori 250 million soʻm bir yoʻla beriladigan qoʻshimcha toʻlovlar belgilandi.

    3. Prezident qarori (PQ-4695, 24.04.2020-y.) bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi (Sanitariya-epidemiologiya xizmati) va uning hududiy boʻlinmalari tibbiyot xodimlarining:

    • lavozim maoshiga mehnatning sogʻliq uchun xavfliligi va ogʻir sharoitlari uchun belgilanadigan qoʻshimcha toʻlovlar miqdori tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirildi;
    • mehnatga haq toʻlash razryadlari boʻyicha tarif koeffitsiyenti 5 foizga oshirildi.

    Bunda 6 foiz miqdorida kunlik qoʻshimcha toʻlov va qonunchilikda koʻzda tutilgan boshqa ustamalarni olish huquqi saqlanib qoladi.

    4. Hukumat qaroriga (458-son 30.07.2020-y.) muvofiq koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlashga jalb qilingan tez tibbiy yordam xodimlari quyidagi miqdorda bir martalik moddiy ragʻbatlantirildi:

    • vrachlar – 5 million soʻm;
    • oʻrta tibbiyot xodimlari (feldsherlar va sanitarlar) – 4 million soʻm;
    • haydovchilar – 3 million soʻm.

    Ushbu toʻlovlar 2020-yil 1-iyungacha ishga qabul qilingan xodimlarga nisbatan tadbiq qilinadi.

    5. Hukumat qarori (461-son 04.08.2020-y.) bilan: vaqtinchalik shifoxonalar, shuningdek, koronavirus infeksiyasini yuqtirgan shaxslarni davolash maqsadida tashkil etiladigan vaqtinchalik shifoxonalarda faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun Prezident qaroriga (PQ-4652, 26.03.2020 y) muvofiq maxsus qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovlari toʻlanishi koʻzda tutildi.

    Bundan tashqari, Prezident Farmonida (PF-5969-son 19.03.2020-y.) belgilangan 6 foizlik toʻlov quyidagi toʻlovlarga almashtirildi:

    1. Hukumat qarori (446-son 20.07.2020-y.) bilan 2020-yil 20-iyuldan kuchaytirilgan tartib davrida har oy yakuniga qadar barcha tez tibbiy yordam brigadalarida ishlovchi xodimlarning lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlovlar oʻrniga quyidagi miqdorlarda qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlarini belgilandi:

    • vrach xodimlarga — 2,5 million soʻm;
    • oʻrta tibbiyot xodimlariga — 1,5 million soʻm;
    • haydovchilarga — 1,0 million soʻm.

    2. Hukumat qarori (461-son 04.08.2020-y.) bilan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida markaziy va oilaviy poliklinikalar negizida tashkil etiladigan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga ixtisoslashgan maxsus poliklinikalar (“COVID markaz”) xodimlarining lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlovlar oʻrniga quyidagi miqdorlarda har oylik moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari belgilandi:

    • vrach xodimlarga — 2,5 million soʻm;
    • oʻrta tibbiyot xodimlariga — 1,5 million soʻm;
    • kichik tibbiyot xodimlariga — 1,0 million soʻm;
    • boshqa xodimlarga — 500 ming soʻm.