Pandemiya davrida tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirish tartibi oʻzgardi

    Mamlakatimizda 25 Sentabr 2020 2582

    Hukumatning “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish tadbirlariga ajratilayotgan mablagʻlarning samaradorligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori (583-son, 24.09.2020-y.) qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, 2020-yil 20-avgustdan:

    Vrachlar, boshqaruv va oʻrta tibbiyot xodimlar, provizor-farmatsevt xodimlar, dizenfektor va kichik tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlarga toʻlanadigan maxsus ragʻbatlantirish toʻlovlari kunlik tarzda ishlash sharoitiga oʻtkazilgan holda har 30 kunlik davr uchun 8 soatdan kam boʻlmagan ish yuklamasini inobatga olgan holda 1 oyda bir marotaba toʻlanadi;

    maxsus ragʻbatlantirish toʻlovlari toʻlanadigan tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlarning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlov amalga oshirilmaydi;

    xodimlarga pul mablagʻlari bank kartalariga oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.

    Qaror bilan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari va boshqa xodimlarga 6 foizlik kunlik qoʻshimcha toʻlov amalga oshiriladigan lavozimlar roʻyxati va 6 foizlik kunlik qoʻshimcha toʻlov oʻrniga har oylik moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari amalga oshiriladigan lavozimlar roʻyxati tasdiqlandi.

    Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, bemorlarni qabul qilish va chiqish qaydnomasi, tovar-moddiy boyliklar harakatining shaffofligini taʼminlash maqsadida “Vemor.ssv.uz” elektron nazorat dasturi ishga tushiriladi.

    Shuningdek, qaror bilan maxsus ragʻbatlantirish toʻlovlarini toʻlash tartibi boʻyicha nizom tasdiqlandi.