“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasining kirish qismi yonida tashkil etilgan Tibbiyot xodimlari xotirasi xiyobonida daraxt ekish aksiyasi boʻlib oʻtdi. Har bir daraxt oldida pandemiyada vafot etgan shifokor yoki hamshiraning ismi koʻrsatilgan kichik peshlavha ham oʻrnatildi.
Aksiya tashabbuskori – Oʻzbekiston Landshaft sanʼati uyushmasi direktori Tatyana Yugayning aytishicha, bu safar jami 90 tup daraxt ekilgan boʻlib (qayragʻoch, chinor, zarang, shumtol va katalpalar), oʻtgan yilning kuzida 60 tup daraxt oʻtqazilgan edi. Pandemiya davrida jami 600 nafar tibbiyot xodimi jonini fido qilgan, qolgan 450 nafarining xotirasiga ham daraxtlar ekiladi. Shuningdek, Tatyana Yugay Olmazor tuman hokimligiga aksiyada koʻrsatgan begʻaraz yordami uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Olmazor tuman hokimining oʻrinbosari Toʻlqin Teshayev esa hokimlik bu xayrli tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, koʻchatlarni xarid qilishga yordam berganini, Obodonlashtirish xizmati va Milliy gvardiya xodimlari esa daraxtlarni qadash uchun alohida oʻralar qazib berganini bildirdi. Aksiya ishtirokchilari uchun belkuraklar, chelaklar, ozuqaviy aralashma va kepak tayyorlandi. Ular issiq qahva va suv bilan ham taʼminlandi. Ekish paytida ob-havo ham yordam berib, yomgʻir ham tugadi, deya hazil qildi hokim oʻrinbosari.
Toshkentliklar aksiyani quvvatlashdi, tibbiyot xodimlarining qarindoshlari va hamkasblari viloyatlardan yetib kelishdi, volontyorlar ham bu ishga bosh qoʻshdi. Ular qatorida – Asklepiy Group kompaniyasining yoshlardan iborat jamoasi. “Diplomat” xususiy maktabi oʻqituvchilari va oʻquvchilarining ota-onalari, aksiyadan xabar topgan oddiy fuqarolar ham daraxt ekishni oʻzi uchun burch deb bildi.
Tashkilotchi va ishtirokchilarga rahmat! Bunday savobli, qalblarni junbushga keltiradigan aksiyalar nafaqat shaharga koʻrk bagʻishlaydi, balki bizni qutqarib qolgan shifokorlarga minnatdorlik bilan poytaxtliklarni birlashtiradi.