Pandemiya ko'chmas mulk va avtomobil` bozoriga qanday ta'sir qildi?

    Pandemiya jahon miqyosida ko'chmas mulk va avtomobil` bozorlariga sezilarli ta'sir ko'rsatdi. Dunyoning barcha mamlakatlari uning oqibatlarini his etdi. Jumladan, O'zbekiston ham.

    Iqtisodchilarning fikricha, ko'chmas mulk va avtomobil` bozorlaridagi talabning o'zgarishi iqtisodiy tiklanishning asosiy ko'rsatkichlaridan biri hisoblanadi, chunki uzoq muddat ishlatiladigan tovarlarga bo'lgan talab iste'molchilar kayfiyatini juda yaxshi aks ettiradi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari tomonidan koronavirus pandemiyasining ko'chmas mulk va avtomobil` bozorlariga ta'siri tahlil qilindi.

    Ko'chmas mulk bozoridagi holat

    Koronavirus infektsiyasining tarqalishi bilan bog'liq karantin cheklovlari joriy etilgunga qadar respublikamiz ko'chmas mulk bozorida talab har oyda o'rtacha 6-7 foiz oshib borgan. Toshkent va Toshkent viloyatidagi ko'chmas mulk bozorlaridagi savdolar umumiy bozor hajmining 40–45 foizini tashkil etgan.

    Aprel` oyidan boshlab butun mamlakat bo'ylab lokdaun joriy qilindi. Bu esa ko'chmas mulkka bo'lgan talabning 2019 yil shu davriga nisbatan 87,1 foiz (Toshkent viloyatida 94,2 foiz va Toshkent viloyatida 89,8 foiz) kamayishiga olib keldi. May va iyun` oylarida respublika bo'yicha ko'chmas mulk oldi-sotdisi bo'yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni mos ravishda 25,9 foiz va 135,2 foiz yuqorilab ketdi. Qisqa vaqt ichida savdo amaliyotlarining sezilarli darajada o'sib ketishi, bir tomondan, doimiy ro'yxatga olish tartibining soddalashtirilishi, ikkinchi tomondan, may oyidan boshlab karantin choralari bosqichma-bosqich yumshatilishi bilan izohlanadi.

    SHartnomalar ko'payishiga nima ta'sir qildi?

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 apreldagi «Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo'yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmonining qabul qilinishi bilan may oyida 2019 yilning tegishli davriga nisbatan ko'chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni Toshkent shahrida 148,7 foiz, Toshkent viloyatida 26,5 foiz o'sdi. Iyun` oyida ushbu ko'rsatkich mos ravishda 257,5 foiz va 190,7 foizni tashkil etdi. SHunisi qiziqarliki, aynan shu davrda ko'chmas mulk savdosining o'sishi Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi uylarning narxlariga deyarli ta'sir qilmadi. Bu, asosan, ilgari boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan uylarning haqiqiy egalari nomiga o'tkazilishi bilan izohlanadi.

    2020 yilning sentyabriga kelib, ko'chmas mulk bozorida talab yana o'zining uzoq muddatli trendiga qaytdi. Xususan, sentyabr` oyida ko'chmas mulk oldi-sotdilari soni o'tgan oyga nisbatan 24,2 foiz (2019 yilning mos davriga nisbatan 41,7 foiz), oktyabr` oyida – 1,7 foiz (24,8 foiz), noyabr` oyida -0,5 foiz (22,9 foiz) va dekabr` oyida – 20,9 foiz (-17,1 foiz) oshdi.

    Avtomobil` bozori

    Odatda, respublikada birlamchi va ikkilamchi bozorlarda avtomobil` savdosining oylik o'sishi o'rtacha 2-3 foizni tashkil etadi. 2020 yilning mart oyi o'rtalaridan qat'iy karantin tadbirlari joriy etilishi natijasida mart oyida ro'yxatga olingan va qayta ro'yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning shu davriga nisbatan 17,3 foiz (o'tgan oyga nisbatan 34,6 foiz), aprel` oyida esa 73,8 foiz (63,1 foiz) kamaydi.

    May oyidan boshlab avtomobil` bozoridagi vaziyat yana tiklana boshladi. Xususan, iyun` oyida avtomobil savdosi 2019 yilning shu davriga nisbatan 14,8 foiz oshdi. Lekin 10 iyuldan 15 avgustgacha karantin tadbirlarining qayta joriy etilishi natijasida iyul` oyida avtomobil` bozoridagi faoliyat may-iyun` oylariga nisbatan biroz susaydi. Xususan, mazkur oyda ro'yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning iyul` oyiga nisbatan 20,2 foiz kamaydi. SHunday bo'lsa-da, avgust oyida avtomobil` savdosi hajmi 2019 yilning mos davriga nisbatan 3,8 foiz o'sdi (o'tgan oyga nisbatan 54,3 foiz).

    Sentyabr`-oktyabr` oylarida ham avtomobil` bozoridagi talab o'sishda davom etdi. Sentyabr` oyidagi savdolar oldingi oyga nisbatan 0,5 foiz (2019 yil sentyabr` oyi bilan taqqoslaganda 29,5 foiz) oshdi. Oktyabr` oyida o'sish sur'ati sentyabr` oyiga nisbatan 2 foiz (2019 yil oktyabr` oyiga nisbatan 19,2 foiz)ni tashkil etdi. Noyabr`-dekabr` oylarida bu ko'rsatkich o'tgan oyga nisbatan biroz (mos ravishda 1,7 foiz va 1,9 foiz) pasaydi. Biroq 2019 yilning tegishli davri bilan taqqoslaganda, savdolar hajmi noyabr` oyida 9 foiz va dekabr` oyida 10 foiz oshdi.

    Avtomobillar sonining o'zgarishi

    Umuman olganda, 2020 yilda avtomobil` savdosi hajmi 2019 yilga nisbatan 2,5 foiz kamaydi. Bu mart, aprel` va iyul` oylarida avtomobil` savdosining keskin pasayishi bilan izohlanadi.

    SHunga qaramasdan, 2020 yil avgust oyiga kelib, ko'chmas mulk va avtomobil` bozorlaridagi vaziyat o'zining uzoq muddatli trendiga qaytgani aholi talabining tiklanib borayotganini ko'rsatmoqda.

    Xalilulloh HAMIDOV,

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

    bosh ilmiy xodimi