Pandemiya xitoylik tadbirkorlarga omad olib keldi

    Butun dunyo yangi turdagi koronavirus taʼsiri ostida qolayotgan bir paytda Xitoyda internet tadbirkorlari mamlakatning eng badavlat kishilari sifatida eʼtirof etildi.

    “Hurun” tadqiqot instituti tomonidan tuzilgan “Xitoy boylari” reytingida xalqaro onlayn tijorat giganti – “Alibaba group” asoschisi Jek Ma 1-oʻrinni egalladi. Epidemiya tufayli onlayn xaridlarga talab oshganligi ortidan Ma shaxsiy boyligi 58,8 milliard dollarga yetgan. Bu esa oʻtgan yilgiga nisbatan 45%ga oʻsdi degani.

    2-oʻrin “Tencent” telekommunikatsiya kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Ma Xuatenga nasib qildi. Uning boyligi 57,4 milliard dollarni tashkil etgan.

    Badavlatlar reytingi orasida internet va axborot texnologiyalari ishbilarmonlaridan tashqari buloq suvi taʼminotchisi ham joy oldi. “Nongfu” brendi ostida ichimlik suvi ishlab chiqaruvchi kompaniya egasi 66 yoshli Chjan Shanshan 53,7 milliard dollarlik boyligi bilan reytingda 3-oʻrinni egalladi.

    Maxkur roʻyxatni tayyorlashda ishtirok etgan tadqiqotchi Rupert Xogeverf mamlakatda aksiyalar narxi oshganligi sababli oʻtgan yili har hafta yangi milliarder paydo boʻlganligini taʼkidlar ekan, “Dunyo bir yil ichida bunday katta boylikning paydo boʻlishiga guvoh boʻlmagan” dedi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, joriy yil xitoylik milliarderlar roʻyxatiga yana 257 kishi qoʻshilgan.