Xususan, hozirda COVID-19 yuqtirganlar soni 18 ming 700 nafardan oshgani, vaziyat hamon jiddiy boʻlib qolayotgani taʼkidlandi.
- Ahvoli ogʻir bemorlar soni koʻpayib bormoqda, - dedi davlatimiz rahbari. - Koronavirusga qoʻshimcha ravishda pnevmoniya holatlari ham keng tarqalmoqda. Shu sababli, oxirgi 10 kunda 4 ta selektor oʻtkazib, hokimlar, vazirlar va boshqa mutasaddi rahbarlarga qoʻshimcha davolash oʻrinlarini tashkil etish, simptomsiz kasallarni uyda tizimli davolash, ularni zarur dori-darmon va oziq-ovqat bilan taʼminlash, tez tibbiy yordam tizimi ishini yaxshilash boʻyicha tegishli topshiriqlar bergan edim. Bugun hisobotlarni eshitamiz.
Shavkat Mirziyoyev hozirgacha amalga oshirilgan ishlar haqida soʻz yuritar ekan, oxirgi kunlarda koronavirusni davolash uchun qoʻshimcha 46,5 mingta oʻrin ajratilgani, yana 31 mingta oʻrin tashkil etilishi, 397 ta tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilingani, bir oy muddatda yana 409 ta mashina joylarga yetkazilishini taʼkidlab oʻtdi.
Xalqaro va mahalliy tajribani hisobga olib, koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi yangilandi, dedi Prezident. Tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va kollejlari professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlar va pensiyaga chiqqan mutaxassislar orasidan jami 5 mingta vrach hamda 9 mingta hamshira bemorlarni davolash va maslahat berishga jalb etildi.
- Shu oʻrinda oʻz hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyib, kasallikka qarshi mardona kurashayotgan fidoyi shifokorlarimizga har qancha rahmatlar aytsak, arziydi. Bugun koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi salomatligini muhofaza qilish va hayotini asrash, yurtimizda infeksiyani jilovlashda ulkan jasorat va fidoyilik namunalarini koʻrsatgan bir guruh tibbiyot, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlarini va boshqa tashkilotchilarini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmonni imzoladim, - dedi davlatimiz rahbari.
Oldinda bunday mukofotlar koʻp boʻlishi taʼkidlandi. Bu kurashda oʻzini ayamay mehnat qilayotgan barcha tibbiyot xodimlari albatta munosib taqdirlanadi.
- Biz pnevmoniyani davolashda nafaqat oʻzimizning shifokorlar, balki videoaloqa orqali xorijdagi yetakchi mutaxassislarni konsultatsiya berishga jalb qilyapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Hozirgi vaqtda germaniyalik tibbiyot professori yurtimizga kelib, davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda. Bugun Turkiyadan bir guruh professorlar yetib keladi. Boshqa davlatlardan ham eng tajribali mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha ish olib boryapmiz.
Prezidentimizning qayd etishicha, bugungi kunda eng muhim vazifa aholi oʻrtasida virus zanjirini uzish hisoblanadi. Buning uchun karantin talablariga soʻzsiz amal qilish, ularning immunitetini mustahkamlash, sogʻligini asrab-avaylash, har bir insonning hayoti uchun kurashish zarur.
Shu munosabat bilan, shuningdek, kasallik yuqtirilishining oldini olish, oʻlim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirildi.
Bunda “Pandemiyaga qarshi kurash – har birimizning vijdon ishimiz”, “Oʻzim, oilam, farzandlarim sogʻligʻi uchun avvalo oʻzim javobgarman”, degan fikrlarni xalqimiz ongiga chuqur singdirish va amaliy hayot mezoniga aylantirish lozimligi taʼkidlandi.
Bugun pandemiyani jilovlashda hokimliklar, sektorlar, sogʻliqni saqlash, ichki ishlar idoralari rahbarlari va xodimlari, mahalla faollari, nuroniylar zimmasida juda katta masʼuliyat turibdi. Chunki aholining aksariyati, keksalar, bolalar, xotin-qizlar uyda oʻtirishga majbur. Ularning birinchi galdagi hayotiy ehtiyojlarini taʼminlash, tegishli tibbiy va boshqa yordam koʻrsatish aynan ana shu tashkilotlarga va faollarimizga bogʻliq.
- Barchamiz hamjihatlikda, chuqur masʼuliyat bilan tizimli ishlasak, bu ogʻir sinovlarni albatta yengamiz. Yana bir bor takrorlayman, bugungi kundagi eng muhim talab - barchamiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga oʻrganishimiz shart, - dedi, jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev.