Panjob provinsiyasida suv toshqinlari 4,4 mlndan ortiq odamga zarar yetkazdi

    Dolzarb 14 Sentabr 2025 595

    Pokistonning Panjob hududi hanuz halokatli suv toshqinlaridan aziyat chekmoqda. Yuzlab qishloqlari suv ostida qoldi.

    Viloyat tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi (PDMA) maʼlum qilishicha, tabiiy ofat 4,4 milliondan ortiq odamga ham taʼsir koʻrsatdi.

    Ravi, Sutlej va Chenab daryolarida suv sathining koʻtarilishi natijasida yuzaga kelgan toshqinlardan provinsiya boʻylab 4500 dan ortiq qishloqlar zarar koʻrgan.

    Mahalliy hokimiyat maʼlumotlariga koʻra, 2,45 millionga yaqin odam xavfsizroq hududlarga evakuatsiya qilingan.

    Jabrlangan hududlarda jami 396 ta yordam lagerlari tashkil etilgan, 1,9 millionga yaqin chorva mollari evakuatsiya qilingan.

    Rasmiy statistik maʼlumotlarga koʻra, 26-iyundan beri mamlakatda mavsumiy yomgʻir va suv toshqinlari oqibatida kamida 956 kishi halok boʻlgan, 1060 dan ortiq kishi jarohat olgan. Mamlakat boʻylab 8400 dan ortiq uy vayron boʻlgan yoki shikastlangan, 6500 dan ortiq chorva mollari nobud boʻlgan.

    Eslatib oʻtamiz, Pokistonning Panjob provinsiyasida suv toshqini xavfi tufayli 25 ming kishi evakuatsiya qilingan edi.